Yangiliklar


287   26-10-2022

Ustozga ehtirom

Keksalik, nuroniylikning tasavvurimizda o‘z suvrati bor: sochlarga qo‘ngan oppoq qirov, yuzlarga to‘r solgan ajinlar, hayotning gurkiragan bog‘lariga oralagan kuzdek sokinlik, vazminlik kasb etgan siyrat!Mana, nuroniylikning nurli, fayzli suvrati!

Goh sinovli, gohida siylovli inson hayotining ushbu pallasini  donishmandlik fasli, ham deyishadi. Umrining bu fasliga yetgan  keksalarimizning hayot yo‘li, yillar sinovidan o‘tgan durdona hikmatlari, o‘gitlari, pandu nasihatlari dunyodagi eng qimmatbaho toshlardan-da  qimmatliroqdir. Ularning barchaga sog‘ingani ezgu niyatlar, ilingani  duodir.

Umrining donishmandlik faslida ham tinim bilmay ijod qilayotgan, mazmunli hayot yo‘li, samarali mehnat faoliyati bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgan, boy tajribasi siyosat maydoniga kirib kelayotgan yosh siyosatchilar  uchun tom maʼnoda mahorat maktabi vazifasini o‘tayotgan partiyamiz faxriysi, faoli  Sharifa Salimova ana shunday nuroniylarimizdan biri.Kuni kecha Toshkent viloyatining muhtasham Yoshlar ijod saroyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, xalqimizning ardoqli shoirasi Sharifa Salimova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan  tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev ochib berdi va Sharifa Salimovaning hayoti va ijodiga to‘xtalib o‘tdi. So‘zga chiqqan taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar va ustozlar hamda taniqli davlat arboblari Sharifa Salimovaning ibratli hayot yo‘li, samarali mehnat faoliyati, o‘zbek sheʼriyatiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirib o‘tdilar.

- Men vaziyat taqozosi bilan olis Olmoniyada bo‘lib qaytdim. O‘zga yurtda men faqat Birgina xavotir bilan yashadim: Ona yurtim, chehrasi oftobdek nurli vatandoshlarim diydorini yana bir bor ko‘rish menga nasib etarmikan?! Shukrkim, shifolanib ona yurtimga qaytdim. Va bugun Sizning qarshingizda turganimdan, shu kunlarga sog‘-salomat yetganimdan behad mamnunman. Yana bir jihat meni juda quvontirdi: bu safar o‘zbekistonlikman deb o‘zimni tanishtirishimga hojat bo‘lmadi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarimiz o‘zga yurtlarda ham aks-sado beribdi. Bu har bir o‘zbekistonlik uchun cheksiz faxrdir, – dedi partiyadoshimiz, sevimli shoiramiz Sharifa Salimova.

Tadbir so‘ngida Sharifa Salimovaga “Milliy tiklanish” partiyasi rahbariyati va faollarining minnatdorlik maktubi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Nargiza Namozboyeva,

Partiya Markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi