805 28.06.2025
Fraksiyamiz Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini mustahkamlashda parlamentning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
«Milliy tiklanish» uchun mahalla bu — ma'naviy va milliy yuksalishning asosi bo‘lgan qadriyat sanaladi, qo‘mita uchun esa fuqarolik jamiyatining noyob institutidir. Ya’ni mahalla qadriyat va taraqqiyot kesishadigan nuqta hisoblanadi. Partiyaning asosiy g‘oyasi ham qadriyatlarga asoslangan taraqqiyot hisoblanadi. Shu bois, saylovoldi dasturimizda mahallalarni o‘zini o‘zi boshqarishning xalqchil bo‘g‘ini hamda fuqarolar, jamiyat va davlat hayotidagi tub o‘zgarishlar taqdirini hal qiluvchi kuch sifatida e’tirof etgan holda bir qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surganmiz.
Jumladan, mahalla raisi vakolat muddatini besh yilga uzaytirish, ko‘pi bilan ikki marta saylanish tartibini joriy etish, mahalla mustaqilligini ta’minlash va mahalla raisiga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish, to‘y va oilaviy, «Haj» va «Umra» ziyoratlari bilan bog‘liq marosimlarni tartibga solish kabi vazifalar shular jumlasidandir.
Ushbu vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini ham alohida e’tirof etish lozim. Xususan, joriy yilning 11-fevral kuni imzolangan «Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi va «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonunlariga fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatidan 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi bilan bog‘liq yangi normalar kiritildi. Mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari uchun o‘tkazilgan saylovlar aynan yangilangan normalar asosida tashkil etildi.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 21-apreldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan joriy yilning avgust oyiga qadar to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Partiya bu qo‘shma qarorga o‘zining takliflarini tayyorlamoqda. To‘y va marosimlarni ixcham o‘tkazishga qaratilgan targ‘ibot kampaniyasini olib bormoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 30-dekabrdagi qarori bilan mahallalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida «Mahalla budjeti» tizimi joriy etilgan. Qaror bilan jismoniy shaxslardan undirilgan mol-mulk va yer solig‘ining 10 foizi mahalla budjetining asosiy manbasi bo‘lishi belgilandi.
Shuni ta’kidlash joizki, mahallalarning boshqaruv tizimi faoliyatini boshqarish, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsadida davlat budjetidan salmoqli miqdorda mablag‘ yo‘naltirildi. Xususan, joriy yilda mahalla boshqaruv tizimini moliyalashtirish uchun 909 mlrd 796 mln so‘m ajratildi.
O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 23-sentyabrdagi «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorga asosan 2024–2025 yillarda eng og‘ir ahvoldagi 1 000 ta mahallada tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash, ularga elektr energiyasini barqaror yetkazib berishni ta’minlash, internet sifatini oshirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va boshqa infratuzilmani yaxshilash maqsadlari uchun jami 3,2 trillion so‘m mablag‘ ajratilmoqda. O‘tgan hafta Davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan selektorda yil boshidan 867 ta «og‘ir» toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 1,4 trillion so‘m berilgani ma’lum qilindi. Buning hisobiga 662 ming xonadondagi jami 80 ming gektar tomorqaga 25–30 yil ichida ilk bor suv yetib bordi.
Fraksiya a’zolari va mahalliy kengash deputatlari o‘z hududlariga borishganda, albatta, ushbu mablag‘larning manzilli va maqsadli ishlatilishini nazorat qilishmoqda. Har safar mahalla raisi, yettilik bilan muloqot qilinib, tizimli yutuqlar bilan birga mavjud muammolarni o‘rganishga harakat qilyapmiz. Albatta, yutuqlar o‘zimizniki, lekin hali oldimizda juda katta ishlar turibdi.
Eng birinchisi, mahallalarning moliyaviy mustaqilligiga erishishni ta’minlash. Shu maqsadda ham 2024-yilning 1-yanvaridan «Mahalla budjeti» tizimi joriy etildi. «Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalari» tashkil etilib, ushbu jamg‘armalarda 2024-yilda jami 382,7 mlrd so‘m mablag‘ shakllangan. Buning natijasida har bir mahallaning hisobida o‘rtacha 30-40 mln so‘mdan pul mablag‘lari shakllandi. 2024-yilda jami 210,2 mlrd so‘m xarajat qilingan bo‘lsada, juda ko‘plab MFYlarda xarajatlarning asosiy qismi mahalla idoralari uchun jihozlar xarid qilishga va mahalla idoralari binolarini qurish, ta’mirlashga yo‘naltirilmoqda.
Ko‘p hollarda MFYning ushbu mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha takliflari tuman g‘aznachilik bo‘limlari tomonidan rad etilmoqda. Mahalla budjetining mohiyati yuqorida aytilganidek, mahallaning moliyaviy mustaqilligini bir oz bo‘lsa ham oshirish, aholini budjet mablag‘larini aniq talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda taqsimlashda bevosita ishtirok etishiga jalb qilish hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, bu mablag‘larning haqiqiy egasi mahalla bo‘lishi kerak. Pul mahallaniki, qayerga ishlatishni boshqa shaxs aytmasligi kerak. «Tashabbusli budjet»ni boshlaganda ham ayrim kamchiliklar bor edi. Lekin berilgan takliflar, kuzatilgan kamchiliklar asosida yildan-yilga takomillashtirilib, bugungi kunda budjet mablag‘larining sarflanishini nazorat qilishda fuqarolarning ishtirokini ta’minlashda muhim institutga aylandi. Mahalla budjeti tizimiga ham shunday yondashish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ikkinchidan, mahalla raisi va yettilikning bevosita mahalla faoliyati va fuqarolarga qonunlar va qonunosti hujjatlardan xabardorligi va shundan kelib chiqib ularning ijrosini ta’minlashda ayrim muammolar mavjud.
Masalan, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi hamda 2024-yil 10-yanvardagi qarorlariga asosan 2024-yil 1-yanvardan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi yoki «Kambag‘al oilalar reyestri» axborot moduliga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obyektlaridan 8 turdagi mahsulotni (qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, mol go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar) sotib olganda xarid summasidan 1 foiz miqdordagi keshbek o‘rniga 12 foiz QQS qaytarilishi belgilangan. Lekin saylov okruglariga borganimizda va kambag‘allikdan chiqarish jarayoni bilan tanishganimizda na ijtimoiy xodim, na mahalla raisi va boshqalarning bunday amaliyot yo‘lga qo‘yilganligidan umuman xabari yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Vaholanki, bunday tartibning yo‘lga qo‘yilishi reyestrdagi fuqarolarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qiladi.
Yoki «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasida Fuqarolar yig‘ini davlat organlari mansabdor shaxslarining, xususan, profilaktika inspektorlari, joylardagi ta’lim muassasalari, oilaviy poliklinikalar rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitishi belgilangan bo‘lsada, amalda bu norma deyarli ishlamayapti. Vaholanki, bu normaning amaliyotda ishlashi davlat organlarini mahalla oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Binobarin, davlat rahbari ta’biri bilan aytganda: «Hozirgi tahlikalarga yechim topamiz desak, bizning yagona yo‘limiz — mahalla, mahalla, mahalla va yana bir marta mahalla. Mahalla tizimi obro‘sini qancha ko‘tarsak, odamlar ishonadi, odamlar bizdan rozi bo‘ladi». Bu ishlarga esa barchamiz mas’ulmiz.
Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazaetasining 2025-yil 25-iyun sonidan olindi