972 01.07.2025
XXI asrning ikkinchi yarmi noan’anaviy, barcha sohalarda avvalgilarga o‘xshamagan keskin va raqobatga to‘la davr bo‘lishidan dalolat beryapti. Ayniqsa, mamlakatlar rivoji faqat iqtisodiy emas, insoniy resurslarning zamonaviy chaqiriqlarga qanday javob bera olishi bilan o‘lchanishi yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Bugun texnologiyalar uzoqni yaqin qilyapti, sun’iy intellekt, IT masalalarida esa kutilganidan ancha tez oldinga siljishlar ro‘y beryapti. Ammo bunday o‘zgarishlardan faqat bilimlilar foydalanyapti, bilimsizlar esa yo‘q.
To‘g‘ri, bu juda murakkab jarayon: odatiy mashina haydash yoki samolyot boshqarish emas. Shuning uchun ham biz yoshlarni maktabdanoq mana shunday kuchli raqobat muhitiga tayyorlash haqida o‘ylashimiz kerak. Albatta, keng imkoniyat va resurslarga ega davlatlar bu masalalarga jiddiy e’tibor qaratib, aniq choralar ko‘ryapti. Ana shunday bir paytda O‘zbekiston sobiq ittifoqdan qolgan meros, kommunistik g‘oya, boqimandalik – barcha muammolarni davlat hal qilib beradi, degan aqidada ulg‘aygan odamlarning farzandlari va, hatto nevaralarining ongu tafakkurini transformatsiya qilishga majbur. Chunki bugungi avlod vakillaridan rivojlangan dunyo imkoniyatlari bilan birga, mafkuraviy asoratlar qoldig‘ini ham yengib o‘tish talab etilyapti va bu, albatta, ularni o‘z tengdoshlaridan, ya’ni avvaldan ana shu raqobatli jamiyatlarda ulg‘aygan yoshlarga nisbatan ko‘proq izlanishga majbur qilmoqda. Davlatimiz rahbarining yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi avlod vakillariga murojaat qilib, raqobatbardosh bo‘lishga chaqirgani zamirida aslida ana shu maqsad mujassam. Bugunga kelib, maktabni bitirgan barcha o‘quvchilarni oliy ma’lumotli qilish kerak, degan xomxayollar davri o‘tdi. Yoshlarning ma’lum bir qismida akademik bilim olishga salohiyati bo‘ladi, qaysi birlarida esa tadbirkorlik ko‘nikmasi yuqori...
Dunyoning “Top-100” talik universitetlariga kiradigan bolalar ham maktabdanoq ko‘rinib qoladi. Demak, ularni maktabdayoq ajratib olish, kerak bo‘lsa, alohida sharoitlar yaratib, raqobatga tayyorlash kerak. Hunarmandchilik yoki tadbirkorlikka layoqatli bolalarga, masalan 7 sinfgacha umumiy bilim berilib, keyin ularni qo‘llab quvvatlashning boshqa mexanizmlari o‘ylab topilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Boshqacha aytganda, ularning hayotda o‘z yo‘llarini topib ketishlari uchun davlat yo‘l ko‘rsatishi kerak. Yig‘ilishda Prezident aynan shular haqida gapirdi. Bu juda jiddiy chaqiriq bo‘ldi, aslida. Bu endi eski mafkuraviy kommunistik g‘oya sarqiti – hamma teng, degan g‘oyani sindirib, haqiqiy hayot raqobatiga tayyorlashga qaratilgan da’vat ham edi. Ayni paytda ushbu da’vat yoshlarni oldinda kutib turgan juda og‘ir va murakkab raqobat muhitidan ogohlantirish ham bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston kelajagi haqida gap ketganida aytish kerakki, biz yoshlarni ana shu jarayonga qay darajada tayyorlay olsak, eng asosiysi, dunyoqarashlarini o‘zgartirsak, yaqin 20 yilda dunyo davlatlari ichida raqobatbardosh bo‘lish imkoniga ega bo‘lamiz. Agar bunga erisha olmasak, yana rivojlangan davlatlarning bizdan oldinda bo‘lishlariga, yana ularga qaram bo‘lib yashaydigan sharoitlarga ega bo‘lamiz, xolos.
Shu ma’noda Prezidentning yoshlar bilan an’anaviy uchrashuvi noan’anaviy uchrashuvga ham aylandi. Jiddiyroq tahlil qilsak, bu uchrashuvlarda ko‘tarilayotgan va muhokama qilinayotgan masalalarni chuqurroq qiyoslasak, Davlat rahbari har safar yoshlarni sekin asta keskin va murakkab davrdagi raqobat muhitiga tayyorlab borayotganiga amin bo‘lamiz. Ya’ni, ularga mas’uliyat estafetasi taqdim etilayotganini ko‘ramiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda yoshlarga ularni qanchalar yaxshi ko‘rishimiz, har doim qo‘llab quvvatlashimizni aytish barobarida zimmalariga olishlari kerak bo‘lgan ma’suliyat haqida gapirish, eslatish jarayoni ham boshlandi. Zero, yurtimiz kelajagi yangi avlod tafakkuridagi o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liqdir.
Alisher QODIROV, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi