Yangiliklar


248   04-11-2022

Yangi kodeksga moslashtirilgan ish rejimi tushunchasi kiritildi

Ko‘pchilik fuqarolarimizning asosiy vaqti deyarli ishda o‘tadi. Bu esa ish jarayonida xodimlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularning mehnat qilish, kasb tanlash, adolatli va xavfsiz sharoitlarida ishlash hamda ishsizlikdan himoyalanishga bo‘lgan huquqlarini davlat tomonidan kafolatlashni taqozo etadi. Shu sababli, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksda xodimlarning o‘z huquqlarini o‘zi himoya qilish tartibi aniqlashtirildi.

Joriy etilgan tartibga asosan, o‘zini-o‘zi himoya qilish maqsadida xodim o‘z hayotiga va sog‘lig‘iga bevosita tahdid soluvchi ishni bajarishni, shuningdek, ish beruvchining talabiga ko‘ra mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan ishni bajarishni rad etishi mumkin. Bunda xodim o‘zining bevosita rahbari yoxud ish beruvchining boshqa vakilini yozma shaklda xabardor qilib qo‘yishi talab etiladi.

Ushbu hujjatda mehnat xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topdi. Moslashtirilgan ish rejimi degan tushunchalar ham kiritildi va bu “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan ko‘tarilgan eng ustuvor masalalardan biri edi. Bu nima degani? Bu endilikda fuqarolar, ayniqsa, farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga ko‘proq masʼul bo‘lgan ayollarimizga moslashtirilgan ish tartibi joriy qilinadi deganidir. Yaʼni, endi kelishuvga asosan ayollarimizga ish vaqti tugashidan ertaroq javob berilishi mumkin. 

Yangi Kodeksda mehnat jarayonini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchasini yuritish, yagona axborot bazasida (my.mehnat.uz) mehnat shartnomasini tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmiga oid qoidalar ham aks etdi.

Masofadan ishlash tizimining huquqiy asoslari yaratilib, masofadan ishlovchilar mehnatining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilovchi alohida paragraf kiritilgani esa, yana bir muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Qisqasi, yangi Kodeksda xodimlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab yangi normalar o‘z ifodasini topgan.

 

Davron ARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati