406 03.07.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bildirilgan fikrlar, shubhasiz, mamlakatimiz yoshlariga bo‘lgan samimiy eʼtibor va ishonch namunasidir. Ushbu muhim sanani yurtimizning har bir yoshlari yuksak qadrlaydi va ularning kelajagiga yanada mustahkam zamin yaratadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston yoshlarining xalqaro maydonda yutuqlarga erishishi yangilik bo‘lmay qoldi. Jumladan, yurtimiz yoshlarining “TOP-500” talik oliygohlarga kirishdagi yetakchiligi o‘zining haqiqiy samarasini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, yuzlab talabalarning dunyoning nufuzli universitetlarida taʼlim olishi, milliy sport jamoalarimizning tarixiy yutug‘i – futbol bo‘yicha ilk marta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani yoshlarning fidokorona mehnati va davlatimizning yoshlar siyosati natijasidir.
Davlatimiz rahbarining taʼkidlashicha, yoshlarni sifatli taʼlim bilan taʼminlash, xorijiy tillarni o‘rgatish hamda zamonaviy kasblarga yo‘naltirish – bu mustaqil O‘zbekistonning eng ustuvor vazifalaridan biri. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yuz minglab yoshlarga malaka berilishi, xalqaro til sertifikatlarini olish ko‘rsatkichining ikki barobar oshishi yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Iqtisodiyotimizdagi yangi loyihalar ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Bugungi kunda yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilyapti va bu jarayon kelgusida yanada kengaytiriladi. Ayniqsa, “yashil” iqtisodiyot, energetika, muhandislik va sunʼiy intellekt kabi sohalarda mutaxassislar talabi oshib, yoshlarning bilim va qobiliyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoitlar yaratildi.
Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Beruniy xalqaro maktabi, “Kelajak liderlari” dasturi va boshqa ko‘plab loyihalar yoshlarni dunyoning eng nufuzli oliygohlariga tayyorlashga xizmat qilmoqda. “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantlari iqtidorli yoshlarga yanada ko‘proq yordam ko‘rsatyapti. Shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ularning rivojlanishi uchun yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlar, yoshlarning biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishiga zamin yaratmoqda. Maktablardan tortib oliygohlargacha keng qamrovli tizim orqali yoshlarning iqtidorini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Davlat boshqaruviga yoshlarning faol jalb qilinishi, ular uchun amaliyotlar tashkil etilishi va rahbarlik lavozimlariga tayyorlanishi mamlakatimiz uchun katta istiqbollar ochmoqda. Jumladan, so‘nggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi. Bu kelajakda mamlakatimizning yangi va barkamol yetakchilarini yetishtirishda muhim omil bo‘lyapti.
Yoshlarning kitobxonligi, sanʼatga mehr-muhabbati, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi ham davlat siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois, madaniy va maʼrifiy tadbirlar orqali ularning maʼnaviy dunyosini boyitishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Xalqaro maydonda ham O‘zbekiston yoshlar siyosati eʼtirof etilmoqda. BMT tomonidan “Yoshlar – 2030” strategiyasini faol amalga oshirayotgan davlatlar qatoriga kiritilgani, shuningdek, yurtimiz shaharlarining turli xalqaro yoshlar markazlari maqomiga ega bo‘lgani bu boradagi muvaffaqiyatlarning yorqin tasdig‘idir.
Bugungi yoshlarimiz mamlakatimizning yuksalishi, uning global maydonda nufuzini oshirishda yetakchi kuchga aylanmoqda. Shu bois, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, har bir yoshlik g‘oyani qo‘llab-quvvatlash – biz deputatlar va jamiyat oldidagi eng muhim vazifa.
Kelajak avlodning har bir yutug‘i – butun xalqimizning farovonligi, mustaqil davlatimizning barqaror taraqqiyoti garovi ekanini doimo yodda tutmog‘imiz lozim.
Otabek JIYANBAYEV,
partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati