737 03.07.2025
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining lokomotiviga aylandi va bu jarayonda yoshlar islohotlarning shunchaki obyekti emas, balki ishonchli subyekti, faol ishtirokchisi hamda o‘zgarishlarning haqiqiy muallifi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda davlat siyosati yoshlarning nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro miqyosda ham salohiyatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda xorijda o‘qishga yuborilganlar soni avvalgi 25 yildagidan 3 barobarga oshdi. Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni Vatanga qaytib, muvaffaqiyatli “karyera” qilishi uchun ham tizimli sharoitlar yaratilmoqda.
Qolaversa, yoshlarimiz nafaqat taʼlim, balki iqtisodiy jarayonlarning ham faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 100 million dollarlik jamg‘arma tashkil etilib, imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Qishloq xo‘jaligi, servis sohasi, "yoshlar sanoat zonalari" va kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Shu bilan birga, 90 mingdan ziyod yosh mutaxassisning ish topishdagi qiyinchiliklarini hal etish uchun taʼlim va mehnat bozori o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Jahon IT bozorida o‘z o‘rnimizni mustahkamlash maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi kengaytirilib, STEM fanlariga ixtisoslashgan muhandislik maktablari tashkil etilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz yoshlariga yo‘llagan tabrigi va ular bilan o‘tkazgan uchrashuvida bildirilgan fikrlari ham buning yaqqol tasdig‘idir.
Bu jarayonda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham masʼuliyatni his qilgan holda, yoshlar bilan ishlash masalasini o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblaydi. Kezi kelganda aytish joiz, bugun yoshlar hayotiga daxldor har bir qaror, har bir islohot faqat davlat tashabbusi emas, balki jamiyatning barcha tuzilmalari, jumladan, siyosiy partiyalarning ham faol ishtirokini talab etadi.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish" fraksiyasi a'zosi