Yangiliklar

380 04-11-2022
BAHODIR JALOLOVNING ONASI BO‘LISH MASHAQQATLARI
Yangi loyiha: “Chempionning onasi”
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan partiyaning “Ayollar va yoshlar” qanoti tomonidan “Chempionning onasi” loyihasi doirasida davra suhbati o‘tkazildi. Loyihaning ilk mehmoni yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilib kelayotgan yengilmas bokschimiz, “O‘zbekiston iftixori” hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, 2020-yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, uch karra Osiyo chempioni Bahodir Jalolovning onasi Sabohat Jalolova ishtirok etdi.
Chempionning onasi. Quloqqa juda yoqimli eshitiladigan bunday taʼrifni o‘z ismiga ham qo‘shib aytilishini istamaydigan, orzu qilmaydigan ayol, ona topilmasa kerak. Lekin birgina xohish, istak, orzu bilan maqsadga yetib bo‘lganida edi. Bunday maqomga, martabaga erishishni istagan ona bolasi bilan sportning uzun, mashaqqatli yo‘llarida qadam-baqadam odimlashi, g‘alaba nashidasini ham, mag‘lubiyat alamini ham birga totishi, farzandi olis yurtlarga bellashuvga ketganida yuragiga tosh solib, uning yo‘liga ko‘z tikishi, bir so‘z bilan aytganda, sport odami bo‘lishi kerak...
Davra suhbati aynan shular haqida so‘z bordi.
Sabohat opa xalqimizning faxri, iftixori, g‘ururiga aylangan o‘g‘lining sport olamiga ilk qadam qo‘ygan onlaridan to bugungi – professional bokschilikkacha bosib o‘tgan yo‘li haqida gapirib berdi. Uning har bir g‘alabasi ortida qanchadan-qancha mehnat, zahmat, mashaqqat yotishini alohida taʼkidlab, qiyinchiliklar sabr bilan yengib o‘tilgandagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkinligini aytdi. Shuningdek, chempionning onasi bo‘lishning o‘ziga xos gashti barobarida masʼuliyati, zalvori ham borligini aytib, yosh onalarga, qizlarga farzand tarbiyasi borasida bir qator maslahatlar berdi.
O‘z navbatida tadbir qatnashchilarini qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi. Eng yaxshi savol muallifiga Bahodir Jalolovning sevimli shoiri Erkin Vohidovning tanlangan asarlari kitobini sovg‘a qildi.
Davra suhbati ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. Bu loyihani anʼanaviy tarzda muntazam o‘tkazib borishga oid takliflar bildirildi.
Partiya Markaziy kengashi “Ayollar qanoti”