Bolaning begonasi bo‘lmaydi


526     04.07.2025

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, intilish va izlanishlari tufayli erishgan salohiyati va iqtidorini to‘la ro‘yobga chiqarishga shart-sharoit va imkoniyat yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Yaratilgan shart-sharoit, imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlarimiz nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari hamda sportda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Ularning ilm-fan, taʼlim, IT, madaniyat, sanʼat va sportdagi yutuqlari fikrimiz tasdig‘idir.

Mamlakatimizda keng nishonlangan Yoshlar kunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtidorli yoshlar bilan otalarcha samimiy muloqot qildi.  Ularning orzu-umidlari, intilish va izlanishlari bilan qiziqdi. Har bir yosh eʼtibordan chetda qolmasligini alohida taʼkidlagani esa yurtimizdagi millionlab yoshlarimizning ertangi kunga umid va ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qildi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xususan, hokimlar har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

– Bir narsani aniq tushunib olish zarur. Bolani yomoni bo‘lmaydi. Ularga kattalarning mehri, imkoniyatlarini namoyon qilish uchun sharoit, o‘ziga ishonch bo‘lishi uchun motivatsiya kerak, – deya alohida taʼkidladi Prezidentimiz.

Ushbu fikrlar har bir rahbar, qolaversa, partiya faollari hamda deputatlarning ham dasturulamaliga aylanishi lozim.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishda ularning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi va rivojlanishini taʼminlash dolzarb vazifa sifatida belgilangan.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan topshiriq va vazifalar hamda partiya dasturi va g‘oyalaridan kelib chiqqan holda har bir yosh bilan endilikda yangicha yo‘nalishda ish olib borish zamon talabidir. Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yoshlarimizga sifatli taʼlim va tarbiya berish, zamonaviy kasb va hunarlar, xorijiy tillarni o‘rgatish, hayotda munosib o‘rin topishi uchun zarur sharoitlar yaratish eng asosiy vazifamiz va burchimizga aylanishi zarur.

Ilhom Rajabov,
partiyaning Navoiy viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati