657 04.07.2025
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida bolalarning musiqa va sanʼatga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirish, ular orasida isteʼdodlarni kashf etish, bolalarni musiqa va sanʼatning turli janrlari bilan tanishtirish orqali badiiy didini shakllantirish, jumladan, bolalar musiqasi, qo‘shiqlarini ko‘paytirish kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.
“Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida taʼlim sifati” o‘rganishiga doir vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida partiya tomonidan joriy yilning fevral-mart oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Toshkent, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi 154 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablari (BMSM) nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. O‘rganish jarayonida asosan bolalar musiqa va sanʼat maktablari holati, moddiy-texnik bazasi, taʼlim sifati, mavjud kutubxona fondi va ularning so‘nggi yillarda to‘ldirilganligi, faoliyat ko‘rsatayotgan pedagogik kadrlar va ularning salohiyati tahlil etildi.
O‘rganish yakunlari yuzasidan partiya Markaziy kengashi tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi bilan hamkorligida ushbu masalaga doir jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, Madaniyat vazirligi, Bolalar musiqa va sanʼat maktablari, “Madaniyat taʼlimi markazi” davlat muassasalaridan ham vakillari ishtirok etdi. Masala yuzasidan o‘zaro fikr almashildi hamda bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Muhokama natijalari yuzasidan Madaniyat vaziriga deputat so‘rovi yuborildi.
Ushbu o‘rganish natijalari joriy yilning 2 iyul kuni Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti hamda Madaniyat taʼlimi markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Milliy musiqiy taʼlim: Islohot va istiqbol” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy seminari doirasida soha mutaxassislari bilan ham muhokama qilindi. Seminarda musiqa taʼlimi bo‘yicha respublika darajasidagi masʼul tashkilotlar rahbarlari va xodimlari, pedagogika, madaniyatshunoslik, sanʼatshunoslik: musiqashunoslik sohalarining yetakchi mutaxassislari, shuningdek, taniqli siyosatchilar va deputatlar ishtirok etdi.
Jumladan, partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova, partiya fraksiyasi aʼzolari Sayyora Jumayeva va Ruslan Jumamuratov bolalar musiqa va sanʼat maktablarida o‘tkazilgan nazorat-tahlil ishlariga to‘xtalib o‘tdilar.
Xususan, F.Muhammedjanova so‘zga chiqib, bugun globolizatsiya jarayonida o‘zlikni asrash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Maktab, bog‘chalarda kadrlar tanqisligi ko‘zga tashlanayotgani, aksariyat taʼlim muassaslarida musiqa taʼlimi nomutaxassis kadrlar tomonidan olib borilayotgani, joylarda hatto musiqaga ixtisoslashtirilgan muassasalarda ham milliy musiqa cholg‘u asboblarining yetishmasligi, milliy ohanglar afsuski bugunning bolasiga begonaligi, sohada normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi o‘z vaqtida taʼminlamayotgani va bu borada partiya vakillik organlarining nazoratini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, sohaga daxldor mansabdor shaxslarga ellikka yaqin deputatlik so‘rovlari yuborilgani, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyasi muhokamasiga to‘rtta tashabbus masala kiritilgani, natijada musiqa maktablarini moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlashga doir qarorlar qabul qilinishiga erishilgani, mazkur masala bundan buyon ham deputatlarning diqqat eʼtiborida bo‘lishini taʼkidlab o‘tildi.
Seminarda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Iroda Dadajonova so‘zga chiqib, partiyaning musiqa taʼlimi sifatini o‘rganish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, sohada mavjud muammolarni birgalikda hal etishdan manfaatdorligini taʼkidladi. Zero, soha mutaxassislarining mazkur yo‘nalishdagi ilmiy-amaliy ahamiyatga molik tajribalari musiqa taʼlimiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni yana-da takomillashtirishga zamin yaratadi. Jumladan, madaniyat va sanʼat masalalari bo‘yicha partiya eksperti I.Dadajonova shunday dedi: “Musiqa – bu muqaddas meros. U xalqimizning qalb sadosi, tarixi va ruhiyatining ko‘zgusidir. Biz bugun mana shu bebaho boylikni qanday asrash, uni zamonaviy dunyo talablari bilan uyg‘unlashtirib, kelajak avlodlarga qanday yetkazish haqida chuqur mulohaza yuritishimiz kerak”.
Tadbir doirasida quyidagi asosiy masalalar muhokama qilindi:
- anʼanaviy merosni asrash va rivojlantirish: O‘zbek xalqining boy musiqa merosi, xususan, maqom sanʼati, dostonchilik va xalq qo‘shiqchiligining o‘ziga xos xususiyatlarini saqlash va uning rivojini taʼminlash;
- zamonaviy tendensiyalarni integratsiya qilish: Musiqa taʼlimida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va raqamli musiqa imkoniyatlarini milliy o‘ziga xosligimizga uyg‘un holda joriy etish;
- kadrlar salohiyatini oshirish: Musiqa fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish, iqtidor egalarini kashf etish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish;
- xalqaro hamkorlikni kengaytirish: Nufuzli xorijiy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va milliy musiqamizni jahon sahnalarida keng targ‘ib qilish;
- milliy yo‘naltirilgan o‘rta maxsus musiqa taʼlimi modeli: Milliy musiqa qadriyatlari va estetikasiga asoslangan taʼlim tizimining yangi modellarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish;
- o‘zbek anʼanaviy musiqasini o‘qitish metodikasi: Professional taʼlim sharoitida o‘zbek anʼanaviy musiqasini o‘qitishning samarali usullari, shuningdek, raqamli transformatsiya orqali musiqa merosini o‘rganish;
- maqomlar va xalq qo‘shiqchiligining yangi professional musiqa taʼlimi tizimidagi o‘rni: Maqom sanʼati va xalq badiiy merosini taʼlim jarayoniga chuqurroq integratsiya qilish, shuningdek, taʼlimida anʼanaviy musiqa madaniyatini saqlash;
- musiqa fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish: Musiqa o‘qituvchilarining milliy musiqa pedagogikasidagi avlodlararo uzviylikni taʼminlashdagi roli va ularning kasbiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar;
- yangi avlod musiqa maktablari va ularning muvaffaqiyat omillari: turli hududlardagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktablarining modernizatsiya tajribasi va ularning musiqiy merosni saqlashdagi ahamiyati.
Seminarda madaniyat va sanʼat sohasining taniqli arboblari, olimlar, pedagoglar, musiqashunoslar, yosh tadqiqotchilar tomonidan milliy musiqa taʼlimining barcha bo‘g‘inlarida kadrlar tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, metodik va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish, anʼanaviy musiqani o‘qitishga ixtisoslashgan pedagoglarni tayyorlash, o‘quv qo‘llanma va darsliklar, milliy musiqa asboblari va notalarni raqamlashtirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, ularni o‘quv dasturlariga kiritish, yosh isteʼdodlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar, stipendiyalar joriy etish, xususiy maktablarda “Musiqa fani” o‘qitilishini taʼminlash, umumtaʼlim maktablariga musiqa va sanʼat bo‘yicha taʼlim beradigan xususiy sektorni kiritish va eng muhimi, milliy musiqani o‘qitishda sobiq sovet mafkurasi singdirilgan adabiyotlarni qayta ko‘rib chiqish, yangi avlod o‘quv darsliklarini yaratish, yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalashga qaratilgan milliy kontentlarni ko‘paytirish lozimligi xususida bir qator takliflar bildirishdi.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, sanʼat arbobi Feruza Abdurahimovaning “Tan olish lozim, bugun xalqimizning umumiy madaniyati tushib ketgan. Bunga bizning ham o‘z sohamizda to‘liq ishlay olmayotganimiz sabab bo‘lmoqda. Repertuar tayyorlashda yengilroq asarlar bering, deydi joylardagi mutasaddilar. Axir maqomni eshitish uchun maxsus tayyorgarlik va tarbiya kerak. Dunyo notinch bu holatda ham yoshlarga to‘g‘ri taʼlim va tarbiya berolmayayotganimiz sabab emasmi?” kabi fikrlarini seminar ishtirokchilari qo‘llab-quvvatladi.
Seminar yakunida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bilan Madaniyat vazirligi yaqin hamkorlik qilinishiga kelishib olindi.
Ahliddin JUMAYEV,
Markaziy kengashi devoni mutaxassisi