Nega ikkita qonun loyihasiga qarshi chiqdik?


842     04.07.2025

Axir loyiha oddiy fuqaro yoki tadbirkorga emas, qaysidir idora yoki tashkilotning tor manfaatiga xizmat qilsa, nima uchun qabul qilinishi kerak?

Farhod Zayniyev: elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilindiyu, lekin bu tartib faqat elektromobillar narxining oshishiga xizmat qildi, xolos.

Nodir Tilavoldiyev: utilizatsiya yig‘imlari yo‘q narsalarga joriy qilinmoqda.

Bekmirza Eshmurzayev: bugun suv muammosi, sho‘rlanish kuchayayotgan bir paytda jarima belgilash qanchalik adolatli?

Sherzod To‘xtashev: bu o‘zgarishlar korrupsion normadan boshqa narsa emas.

Ana shunday loyihalaridan biri O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi bo‘lib, unda qurilish oynasi chiqindilarini qayta ishlash va buning uchun zarur xarajatlarni qoplash uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish taklif etilyapti.

Qonun tashabbuskorlarining maʼlum qilishlaricha, yiliga 400 ming tonna qurilish oynalari chiqindilari yig‘iladi va uning 9 foizi qayta ishlanadi, xolos. Qolgan qismi  maishiy chiqindilar “poligon”lariga tashlanadi. Chiqindilarning 40-50 foizini organik chiqindilar tashkil qiladi va ular ajratib olinib, o‘g‘itlarga qo‘shiladi. Shuning uchun ham laboratoriya tekshiruvlarida bunday o‘g‘itlar orasida oyna siniqlari borligi aniqlandi. Bunday o‘g‘itlardan esa qishloq xo‘jaligida foydalanib bo‘lmaydi. Demak, ming yildan keyin chirindiga aylanadigan shisha siniqlari organik o‘g‘itlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ham xalaqit beradi.

Bunday chiqindilar haqida gap ketganda, shisha changi ishqalanishi, ishlatilishi yoki chiqindiga tashlanishi oqibatida inson organizmiga o‘pka orqali tushib, nafas olish, qon aylanish tizimiga, miya faoliyatiga zarar yetkazishi tibbiyotda isbotlangan.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bugun mamlakatimizda qurilish oynasi ishlab chiqaruvchi uchta yirik korxona faoliyat ko‘rsatmoqda va ular 2024 yilda 75 foiz ishlab chiqarish quvvatidan foydalangan, xolos. Import mahsulotlari bilan raqobat tufayli mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish hajmi yildan yilga kamaymoqda. Umuman olganda, qonun loyihasi import qilinadigan qurilish oynasi sifatini yaxshilash barobarida, eksport hajmini yana-da oshirish imkonini beradi.

Fraksiya aʼzosi Farhod Zayniyev qonun loyihasiga munosabat bildirib, taklif etilayotgan normalar qurilish oynalari narxining oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi.

Masalan, elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilindiyu, lekin bu tartib faqat elektromobillar narxining oshishiga xizmat qildi, xolos. Qurilish oynalari masalasini esa chiqindilarni qayta saralash orqali ham hal qilsa bo‘ladi. Buning uchun alohida utilizatsiya yig‘imini joriy qilish shart emas, – dedi deputat.

Ilhom Abdullayev ham hamkasbining fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, qonun loyihasining qabul qilinishiga qarshi chiqdi.

Nodir Tilavoldiyevning fikricha, utilizatsiya yig‘imlari yo‘q narsalarga joriy qilinmoqda. Masalan, mashina balonlari bo‘yicha utilizatsiya yig‘imi joriy qilingan. Lekin shu kungacha balonlarni qayta ishlab chiqaruvchi biron korxona faoliyati boshlangani haqida eshitganimiz yo‘q. “Vukanizatsiya”lar esa eski balonlarga to‘lib ketgan. Xullas, tashabbuskorlar qonun loyihasini qanchalik himoya qilmasin, fraksiya aʼzolarini ko‘ndira olmadilar!

Rad etilgan yana bir qonun loyihasi dala chetlari va ariq-zovur bo‘ylaridan foydalanish bilan bog‘liq.

Tashabbuskorlarning taʼkidlashicha, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda mahsulotlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali aholini asosiy turdagi oziq-ovqat bilan kafolatli taʼminlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Chunki mamlakatimiz aholisi soni bugunga kelib 37 mln.dan oshdi hamda yillik o‘rtacha 2 foiz o‘sishi qayd etilmoqda. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 43 mln. kishini tashkil etishi kutilyapti. Bu esa aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini 1,2 baravarga oshiradi.

Bugun global darajada ob-havoning keskin o‘zgarishi, suv tanqisligi va boshqa tabiiy ofatlar natijasida ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yo‘qotilishiga olib kelmoqda. O‘zbekistonda foydalanilayotgan yer maydonlarining 45 foizdan ortig‘i turli darajada, shundan 14 foizi o‘rta va kuchli sho‘rlangani ham oziq-ovqat hosiliga salbiy taʼsir ko‘rsatyapti.

Ushbu Qonun bilan dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda har yili 1 aprelga qadar ekin ekmagan va yil davomida mahsulot yetishtirmagan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh-yetti baravari, mansabdorlarga esa 10 baravarigacha jarima qo‘llash hamda yer solig‘ini uch barvar hisoblash taklif etilyapti.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, bugungi kunda dala chetlarida 29 ming, ariq-zovurlar bo‘ylarida esa 11 ming, jami 40 ming gektar yerdan foydalanilmayapti.

Deputat Bekmirza Eshmurzayev ushbu qonun loyihasiga qarshi chiqib, bugun suv muammosi, sho‘rlanish kuchayayotgan bir paytda jarima belgilash qanchalik adolatli, degan savolni o‘rtaga tashladi. Deputatning taʼkidlashicha, agar tabiiy muammolar bo‘lmasa, dehqonning o‘zi yerdan qanday foydalanishni yaxshi biladi. Mazkur muammoni avvalo targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan hal qilinishi mumikn. Qolaversa, amaldagi qonunchilikda yerdan maqsadli foydalanmagan fuqarolardan shartnomani bir tomonlama bekor qilish orqali yerni qaytarib olish mexanizmi belgilangan. Sherzod To‘xtashev esa bu o‘zgarishlarni korrupsion norma deb hisobladi.

Shundan kelib chiqib, Fraksiya aʼzolari ushbu qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqullamadilar.

 

Ravshan Mahmudov,

“Milliy tiklanish” muxbiri