655 04.07.2025
2025-yilning eng muhim voqealardan biri – bu shubhasiz, 27-iyun kuni Belarus poytaxti Minsk shahrida Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining (EOII) navbatdagi yig‘ilishi bo‘ldi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev EOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan Oliy darajadagi EOII yig‘ilishida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi maqomida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon (videomurojaat yo‘lladi) hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Baqitjan Sag‘intayevlar qatnashdilar. Mehmon sifatida Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid Ol Nahayon, Mo‘g‘uliston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Nam-Osorin Uchral va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
EOII yig‘ilishida asosiy masala sifatida ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutqida jahon iqtisodiyotida vujudga kelayotgan murakkab vaziyatga real baho berilib, proteksionizm va sanksiyalar siyosatining kuchayishi, savdo-logistika zanjirlarining buzilishi va xorijiy sheriklarning investitsiyaviy faolligi qisqarib borishi oqibatlarining salbiy taʼsirlari chuqur tahlil qilinganini alohida taʼkidlash joiz. Ushbu nutqda O‘zbekistonning tabiiy va anʼanaviy sheriklari bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirish O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekaniga alohida urg‘u berildi: “Kuzatuvchi davlat maqomidagi to‘rt yillik hamkorlik davrida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga o‘sdi va o‘tgan yil yakuni bo‘yicha 18 milliard dollarni tashkil etdi. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchimanki, savdo operatsiyalari nomenklaturasi, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berish hisobidan kengaymoqda. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni uch barobar o‘sdi. ... Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish haqidagi bitimga qo‘shildik. Bank bilan hamkorlikda infratuzilmani modernizatsiya qilish, metallurgiya, to‘qimachilik, kimyo sohalari va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda”.
Prezident nutqida EOII faoliyatning samarasi va mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishga ijobiy taʼsirini yanada oshirishga oid qator tavsiyalar va mulohazalar ham ilgari surildi:
“Savdo operatsiyalari tartib-taomillarini soddalashtirish va texnik tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan qator takliflarimiz ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqilishini tezlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Biz, shuningdek, savdoni qo‘llab-quvvatlashda texnik tartibga solishning raqamli tizimlari va Ittifoqning raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabi vosita va mexanizmlarga qo‘shilishdan manfaatdormiz. Bu bizning biznesimiz uchun sharoitni sezilarli darajada yengillashtiradi, mamlakatlarimizning tovar bozorlariga o‘zaro kirishida qulay imkoniyatlarni taʼminlaydi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt jadal rivojlanib borayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasida ko‘ptomonlama hamkorlik qilish istiqbolga ega, deb hisoblaymiz.
Elektron savdo, mahsulotlarning raqamli markirovkasi, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, aniq tarmoqlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilishni taklif etamiz.
Shuningdek, O‘zbekiston o‘tkazish punktlarining yagona integrallashgan axborot tizimida ishtirok etish imkoniga ega ekanini ham taʼkidlamoqchiman. Bu, eng avvalo, chegaralardan o‘tishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha jarayonlar shaffofligini taʼminlash imkonini beradi.
Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishga tushirilgan dasturlar, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Ishbilarmonlik kengashi bilan qo‘shma chora-tadbirlar doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif etamiz.
Sanoat sohasidagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hamda sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi bo‘yicha Yevroosiyo tarmog‘i platformasi imkoniyalaridan foydalanishdan manfaatdormiz.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu o‘rinda so‘z, avvalo, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusimizni amalga oshirish haqida bormoqda. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari harakatlanishi tartiblarini soddalashtirish, “yashil” yo‘laklarning samarali faoliyati va ularni kengaytirishni nazarda tutadi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda mehnat resurslari tartib-taomillarini soddalashtirish va safarbar etilishini oshirish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab katta bo‘lgan sohalarda professional standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari bo‘yicha ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazishni taklif etamiz.
Shu bilan birga, Prezident nutqida O‘zbekistonning “Chegarasiz mehnat” platformasiga qo‘shilishga tayyorligi taʼkidlanib, mehnat bozoridagi standartlarni yaqinlashtirish va kasbiy malakalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
Oliy YEOII yig‘ilishidan keyin davlatlar liderlari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Ularda tashkilot doirasida va sammit ishtirokchilarining boshqa davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning sammit doirasidagi uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sishini taʼminlash, ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlarning samarali aloqalari va faol madaniy-gumanitar almashinuvni qo‘llab-quvvatlash borasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining axborot xizmati axborotida taʼkidlanishicha, “Shavkat Mirziyoyev faqat siyosiy bayonotlar bilan cheklanib qolmadi, balki ikki tomonga foyda keltiradigan aniq iqtisodiy mexanizmlar, amaliy natijalar va dasturlarga alohida urg‘u berdi. Uning fikricha, YEOIIga aʼzo-davlatlarning hamkorlikka oid shartnomalari va amaliy loyihalari O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatini mustahkamlashga ko‘maklashadi”.
Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonning YEOIIga aʼzo davlatlar bilan iqtisodiy va tovar ayirboshlashga oid aloqalari yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Tashqi savdo aylanmasi esa 2024-yil yakunlariga ko‘ra 17,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan eksport hajmi 5,8 mlrd dollarni, import 11,6 mlrd dollardan iborat bo‘ldi. Statistika agentligi maʼlumotiga ko‘ra, YEOIIning aʼzo davlatlari (Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston) o‘rtasida tovarlar va xizmatlar harakati, migrantlar harakatlanishi va kapital harakatining erkinligi taʼminlanib, yagona bojxona tizimiga ega bo‘lgan umumiy iqtisodiy hudud shakllantirilgan. Rossiya YEOII aʼzo mamlakatlari orasida O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. 2024-yil davomida umumiy savdo hajmi 11,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 7,9 mlrd dollardan ortig‘i importga tegishli.
Umuman olganda, O‘zbekistonning YEOII bilan iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va texnologik aloqalari mamlakatimiz milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z tashqi siyosatining konstitutsiyaviy prinsiplaridan kelib chiqib, davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosat olib boryapti. Xalqimiz manfaati, farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda esa ittifoqlar tuzish, hamdo‘stliklar va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirish hamda ulardan chiqishi mumkin ekanligi tamoyiliga ham amal qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro tenglik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplari hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslangan holda o‘z tashqi siyosatini amalga oshirmoqda. Boshqacha aytganda, yangi O‘zbekiston shu tariqa o‘zining yangi iqtisodiy poydevorini ham mustahkamlayapti.
Muqimjon Qirg‘izboyev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
yoshlar murabbiysi,
siyosiy fanlar doktori, professor