Ekologiya va milliy turizm yashil taraqqiyotning drayveridir


844     04.07.2025

2024-yili O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 224 mln tup: bahorgi ko‘chat ekish mavsumida 138 mln, kuzgi mavsumda 86 mln tup ko‘chat ekildi. Yirik sanoat korxonalari hududlari va atrofida 5,3 mln tup daraxt ko‘chatlarini ekish orqali “yashil belbog‘”lar yaratildi.

Atmosfera, yer va suv resurslarini muhofaza qilish maqsadida 138 ta sanoat korxonasida samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilib, mavjudlari modernizatsiya qilinishi natijada havoga 6,5 ming tonnadan ortiq zararli tashlamalar tashlanishining oldi olindi. Atrof-muhitga taʼsir ko‘rsatuvchi I-IV toifaga mansub 19 573 ta obyekt esa davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilib, 688 ta korxonaning atrof-muhitni ifloslantiruvchi 3 276 ta manbaasida ekologik monitoring o‘tkazildi.

Shu o‘rinda bioxilmaxillikni saqlash uchun muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ro‘yxatdan o‘tmagan 61,2 ming gektar yerlari to‘liq ro‘yxatidan o‘tkazilib, 97 ta o‘simlik turi, 106 ta hayvon turi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi 46 ta obyektning geoaxborot maʼlumotlari Milliy geoaxborot tizimiga kiritildi. Sunʼiy yo‘ldosh suratlari orqali esa 254,1 mln dona daraxt manzili aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi, shuningdek 600 mingdan ortiq daraxtlarning pasporti shakllantirilib, barcha parametrlari elektron platformaga kiritildi.

Yana bir muhim maʼlumot: Qizil kitobga kiritilgan hayvonot obyektlariga yetkazilgan zararni undirish summasi 10 baravarga, o‘simliklarga 5, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun esa jarimalar 5 baravarga oshirildi. Bundan tashqari ekologik nazorat tadbirlari doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonunchilik talablarini buzgan 44,5 ming nafar shaxs aniqlanib, ularga nisbatan 49 mlrd so‘m maʼmuriy jarima va 14 mlrd so‘m yetkazilgan zararlar hisoblandi. Eng asosiysi, 94 mingdan ortiq korxona va tashkilot hamda fuqarolar uchun profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun GREEN CITY INDEX uslubiyoti asosida 13 ta hududning maʼmuriy markazi va Toshkent shahrining ekologik pasportlari va ekologik reytingi ham shakllantirildi. Aholini shaharlar ekologik barqarorligining joriy reytingi to‘g‘risida xabardor qilish, shuningdek, fuqarolarga atrof-muhitni yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan hujjatlardan (ekologik bosh rejalar va ekologik pasportlar) foydalanish imkoniyatini taʼminlash maqsadida greencities.uz onlayn platformasi ham ishga tushirildi.

Ana shu jarayonda Markaziy Osiyoda ekologik muammolarga ilmiy yechim topish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etildi.

Bilamizki, yashillik asosi o‘rmonlarda. Shuning uchun ham 222 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirilib, respublikaning o‘rmon bilan qoplanganlik darajasi 8,1 foizga (3,65 mln gektar) yetkaziladi. Jumladan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida 215 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo qilinib, ular maydoni 1,9 mln gektarga yetkazildi.

Cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida cho‘llanish va qum ko‘chishi, suv
va tuproq eroziyasining oldini olish uchun 1000 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari (ihota) barpo etildi. O‘rmon barpo etish hamda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari uchun esa daraxt va butalarning 1039 tonna urug‘lari jamg‘arilib, 127 mln tup manzarali va mevali nihol va ko‘chatlar yetishtiriladigan maydoni 1,1 ming gektarga yetkazildi.

Yana bir yaxshi tashabbus: davlat o‘rmon xo‘jaliklarida xususiy sektor bilan birgalikda mayda shoxli chorva mollari soni 180 ming boshga, parranda soni 1300 ming donaga, asalari oilalari soni esa 230 ming donaga yetkaziladi. O‘rmon fondining foydalanilmayotgan 7 ming gektar yer maydoni o‘zlashtirilib, oborotga kiritildi.  O‘rmon xo‘jaliklarida 5,6 ming gektarda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyasi barpo etilib, 9,6 ming tonna dorivor va ozuqabop o‘simliklar xom ashyosi tayyorlandi.

Bunday chora-tadbirlarni amalga oshirishda boshqaruv organlari va hududiy mahalliy tuzilmalar faoliyatini ham rivojlantirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Zero atrof-muhitni asrash, xalqaro turizm brendi turizm mahsuloti va xizmatlarini xalqaro va ichki turizm bozorlarida keng targ‘ib qilish, sayru-sayohat va dam olish uchun xavfsiz imijni shakllantirish va turizm brendi asosida tur mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqishda alohida o‘rin egallaydi.

Nazarimda, yuqoridagidek ishlar bilan birga milliy turizmni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan “turizm qishloqlari”, tog‘ va sport-sog‘lomlashtirish turizmini yana-da jadallashtirish, xalqaro turizm brendi va infratuzilma obyektlarini jadal barpo etish borasidagi ishlarni ham tizimli tarzda olib borishimiz lozim.

Turizm qishloqlari  aytish joizki, milliy qadriyatlarni o‘zida saqlagan, turmush tarzi va anʼanalarini targ‘ib qilayotgan obyektlar bo‘lib,  ushbu sohada ish yuritadigan tadbirkorlar uch yil mobaynida aylanma vositalardan olinadigan soliqlarni, ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini ham hisoblangan summadan 1 foizini to‘laydi Bundan tashqari turizm qishloqlarida mehmon uylari tashkil etishga 50 million so‘mgacha, o‘tov lagerlari va eko-uylar majmuasiga 300 million so‘mgacha, chodirli lagerlar qurishga esa 300 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar berilyapti.

         

 Jamila Bobanazarova,

Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar,

tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy

investitsiyalar va turizm qo‘mitasi aʼzosi