Yangiliklar

208 09-11-2022
“Qorasiroq”liklar qachongacha xavotir bilan yashaydi?
Partiyaning Xorazm viloyati Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, xalq deputatlari Urganch tuman Kengashi deputati G‘ofurjon Yusupov tomonidan "Oq oltin" hamda "Ko‘hna ovul" mahallalarida sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda fuqarolardan asosan elektr taʼminoti, ichki yo‘llarni taʼmirlash, tibbiy xizmat masalalarida murojaatlar bo‘ldi. Jumladan, “Qorasiroq” ko‘chasi, 6-yo‘lakdagi 12 ta xonadon yangi uy-joy qurib, 2000 yilda ko‘chib kelgan bo‘lsa-da, hamon elektr simyog‘ochlari o‘rnatilmagan. Aholi noilojlikdan 5-yo‘lakdan qo‘lbola simyog‘ochlar tortib, elektr energiyadan foydalanib kelmoqda. Ammo bu texnik va yong‘in xavfsizligi talablariga umuman javob bermagani bois, odamlar xavotir bilan yashayapti.
Mazkur ko‘chaning aksariyat yo‘laklariga asfalt tugul, tosh-shag‘al ham yotqizilmagan. Qilingan o‘nlab murojaatlar esa mutasaddilar tomonidan eʼtiborga olinmayapti.
“Haqiqat” ko‘chasi, 17-uyda yashovchi fuqaro N.Yuldasheva bolalikdan ikkinchi guruh nogironi, har yili davolanib turishi lozim. Shu bois, deputatdan order olib berishda amaliy yordam so‘radi.
G‘.Yusupov shu kuni murojaatlar bo‘yicha muammolarni joyiga chiqib o‘rgandi va ayni paytda tegishli idoralarga so‘rov chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.