Yangiliklar


285   09-11-2022

Bugungi sharoitlarga mos kelmay qolgan kodeks

Maʼlumki, shu yilning 28-oktyabr kuni yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilindi. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, soha vakillari, mutaxassislar ishtirokida davlat va jamoat birlashmalari, mahallalarda Kodeks targ‘iboti, mazmun-mohiyati bo‘yicha turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, “Milliy tiklanish” partiyasi Markaziy kengashi tashabbusi bilan bugun partiyaning telegram kanali orqali yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil qilindi.

Tadbirni partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjanova olib bordi va 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi bugungi sharoitga mos kelmay qolgani, yaʼni unda bozor iqtisodiyoti sharoitida ish beruvchining masʼuliyati, fuqarolarni mehnatga jalb qilishning yangi shakllari hisobga olinmaganini taʼkidlab, yangi tahrirda qabul qilingan Kodeksga kiritilgan  o‘zgarishlar haqida maʼlumot berdi.

– Yangi tahrirdagi mehnat kodeksda moslashuvchan ish vaqti degan tushuncha kiritilmoqda. Bunda muayyan xodimning, ayniqsa, ayollarimiz uchun ish kunining boshlanish va tugashi xodimning o‘zi tartibga solishi imkoni yaratilyapti. Maʼlumki, partiyamiz o‘z Saylovoldi dasturidan kelib chiqib, bu masalani doim ko‘tarib kelardi, – dedi F.Muhammadjanova.

Shundan so‘ng savol-javoblarga navbat berildi. Ishtirokchilarning savollariga partiya fraksiyasi aʼzosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim mudiri, Yuridik fanlari doktori Gulnoza Sattarovalar javob qaytardi.

Ochiq muloqot ishtirokchilari ushbu suhbatni tashkil qilgan partiya masʼullariga minnatdorlik bildirib, xalqimizning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladigan bunday tadbirlarni yanada ko‘proq tashkil qilish lozimligini taʼkidladilar.     

 

Partiya Markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi

Sardor Mullajonov tayyorladi