Yangiliklar

256 10-11-2022
Samarqand sammiti tinchlik va farovonlikka xizmat qiladi
Bugun Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti boshlandi.
Oliy darajadagi tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadi va unda tashkilotga aʼzo davlatlar – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya vakillari ishtirok etadi.
Shuningdek, sammitda o‘nlab nufuzli xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashishi hamda 330 nafar mahalliy, 250 dan ortiq xorijiy jurnalistlarning keng yoritishdagi ishtiroki ushbu oliy darajadagi uchrashuv nufuzi qanchalik yuqoriligidan darak beradi.
Samarqandning Turkiy davlatlar tashkiloti ilk sammitiga mezbonlik qilishi bejizga emas. Chunki bu ko‘hna kent azaldan shunday nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilib kelgan. Shaharning shonli o‘tmishi, 2000 ga yaqin moddiy-maʼnaviy, tarixiy obidalari esa Samarqand turkiylar dunyosi tamadduniga katta hissa qo‘shganidan dalolatdir.
Sammit kun tartibida savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiya, taʼlim hamda madaniyat sohalaridagi ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish, shuningdek, yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilishi kutilyapti.
Maʼlumki, ushbu tashkilot tarixida uchta muhim katta o‘zgarish yuz bergan. 1992-yilda bo‘lib o‘tgan ilk Turkiy tilli mamlakatlar sammiti integratsiya uchun birinchi qadam bo‘ldi. 1992-yildan 2009-yilgacha to‘qqizta sammit o‘tkazilgan bo‘lib, so‘nggi sammit natijasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish bo‘yicha Naxichevan bitimi imzolandi. 2021-yili esa Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirildi. Samarqand uchrashuvi tashkilotning birinchi sammiti bo‘lib, bugungi globallashuv davrida ushbu tadbirga qiziqish har doimgidan ko‘ra yuqori bo‘lmoqda.
O‘zbekiston tashkilotning muhim aʼzolaridan biri hisoblanadi. Shu kunga qadar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 30 dan ortiq tashabbusning aksariyati amaliyotga joriy etilganini taʼkidlash lozim.
Albatta, Samarqand sammiti nafaqat Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo bo‘lgan qardosh xalqlarning umumiy farovonligi va ravnaqiga, balki dunyo taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.
Otabek JIYANBAYEV,
partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi,
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati