Demokratik islohotlar — yurt ravnaqi, xalq farovonligi kafolati


1298     10.07.2025

Bugun xalqimiz manfaatlarini ta’minlash yo‘lida muhim demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan boshlangan o‘zgarishlar odamlar hayotini chinakamiga o‘zgartirmoqda, har bir insonning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlanib, tinch va farovon yashashlarini ta’minlashga zarur shart-sharoit yaratilmoqda.

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, shubhasiz, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, shiddatli islohotlarni “bir elakdan o‘tkazdi”, desak aslo yanglishmaymiz. Eng avvalo, “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilning aynan insonlar o‘z hayotlarida his etishlari yo‘lidagi muammolar, to‘siqlar aniq ochib berildi. Ayniqsa, fuqarolar dardiga quloq tutish, ularni faqatgina tinglash bilangina cheklanmasdan, muammolariga manzilli yechim topib berish orqali mushkulini oson qilish masalasi yig‘ilishning ustuvor g‘oyasi bo‘ldi.

Buni yo‘l, obodonlashtirish, qurilish, issiqlik-energiya ta’minoti, ta’lim va sog‘liqni saqlash hamda ijro tizimida yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar birma-bir sanalib, ularga yechim bo‘ladigan aniq vazifalar belgilab berilgani yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Odil sudlovni ta’minlash mas’uliyati

Yig‘ilishda sud qarorlari vaqtida ijro bo‘lmayotgani yuzasidan murojaatlar juda ko‘pligi qayd etilib, birgina o‘tgan yili MIBga yuborilgan har beshta sud qaroridan bittasi ijro qilinmagani keskin tanqid ostiga olindi.

Vaholanki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 55-moddasi har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqining eng mustahkam kafolati o‘laroq har bir tizim va fuqarolar uchun ishlashi kerak. Shu asosda so‘nggi yillarda aynan sud-huquq tizimida, xususan, odil sudlovga erishishda qator amaliy ishlar bajarildi, eng avvalo, huquqiy asoslar mustahkamlandi. Jumladan, Prezidentimizning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.

2017-yil 1-iyun kuni yurtimizda birinchi marta davlat organlari va mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari ustidan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sudga shikoyat qilish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qiladigan 207 ta ma’muriy sud tashkil qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan tumanlararo va tuman (shahar) miqyosida ham jami 85 ta iqtisodiy sud faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan bir qatorda, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilishi fonida Oliy sud faoliyati yanada takomillashtirildi. O‘z navbatida, hududlardagi xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlar sifatida qayta tashkil etilib, 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudiga ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqish vakolati berildi.

2018-yilda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks qabul qilindi. Mazkur hujjat ma’muriy yustitsiyani yanada takomillashtirishning fundamental asoslarini mustahkamlagani quyidagi raqamlarda ham o‘z akasini topadi. Gap shundaki, 2017 — 2024-yillar oralig‘ida aynan ma’muriy sudlar tomonidan qariyb 120 mingta ariza va shikoyatlar ko‘rib chiqilib, shundan 60 foiziga yaqini qanoatlantirilgan.

E’tiborlisi, bu boradagi islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga doir islohotlar to‘xtab qolgani yo‘q. Buni joriy yil 30-yanvardagi Prezidentimizning “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganida ham ko‘rishimiz mumkin. Zero, ushbu hujjat bilan ma’muriy sudlar faoliyatiga ilg‘or xorijiy tajribada o‘zini oqlagan institut va tartiblarni keng qo‘llash orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ushbu sudlarning rolini oshirish, shu jumladan, davlat organi hujjatiga ishonib faoliyat yuritgan fuqaro va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini qo‘shimcha ravishda kuchaytirishga doir muhim vazifalar belgilab berildi.

Anglashiladiki, shuncha huquqiy asoslar yaratilganiga qaramasdan, mazkur sohada yechimini kutayotgan masalalar borligi va aynan davlat rahbari tomonidan ularning ayrimlari o‘rtaga tashlanayotgani ijro masalasida yanada jiddiyroq bo‘lishimiz lozimligini ko‘rsatadi.

Inson qadr-qimmati — eng oliy qadriyat

Maqsadimiz insonlarni rozi qilish ekan, bu borada, yana bir keng tarqalgan va ta’sirli masala, so‘zsiz tovar va xizmatlarga qo‘yiladigan narxlarning xalq uchun “cho‘ntakbop” bo‘lishidir. Ayniqsa, oziq-ovqat masalalarida bu yanada yaqqolroq ahamiyatlidir. Yig‘ilishda mazkur masala ham e’tibordan chetda qolmadi. Qayd etildiki, go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi keskin oshmasligi, korxonalar “soya”dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek qilib qaytarish tartibi tasdiqlangan.

Demak, narxlar barqarorligini ta’minlashda mas’ullar tomonidan keshbekni bir kunga bo‘lsa ham kechiktirmaslik zarurligi, o‘z navbatida, katta bir muammoning oldini oladi.

Umuman olganda, gaz, elektr-energiyasi kabi eng ommabop masalalar bo‘yicha ham aniq muammolar ko‘rsatib, ularning yechimi borasida vazifalar belgilangani yig‘ilishning xalqimiz uchun naqadar ahamiyatli bo‘lganidan dalolat beradi.

Sir emaski, Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan ulkan islohotlarni muvaffaqiyat bilan hayotga tatbiq qilishda, eng avvalo, bunyodkor xalqimizga, uning tengsiz salohiyatiga tayanishiga yana bir bor amin bo‘ldik. Zero, yig‘ilishda murojaatlar bilan ishlash tizimiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu boradagi ishlar tanqidiy ko‘rib chiqilib, tamomila yangi shakl va usulda davom etishi belgilandi. Jumladan, Xalq qabulxonalari tizimi ham aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qolgani, natijada o‘tgan yili virtual qabulxona va xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmay qolgani tanqid qilindi.

Ushbu holatda o‘z-o‘zidan murojaat egalarida ishonchsizlik, umidsizlik bo‘lishi tabiiy. Oqibatda, yon-atrofidagilar, ijtimoiy tarmoqlar orqali esa, ko‘plab yurtdoshlarimizga o‘z dardini aytishi umumiy islohotlar va ularning amaliy natijasiga ishonchni kamaytirishga olib keladi. Ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazuvchi bunday omillarning ildizi bilan kurashish uchun, eng avvalo, murojaatlarga to‘g‘ri quloq tutish, murojaatchining kerak bo‘lsa, qo‘lidan tutib, masalasini birga hal etishga qaratilgan tizim zarurligini hayotning o‘zi oldimizga qo‘ygan edi. Yig‘ilishda bu borada ham yechim topildi, murojaatlar bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirildi.

Ijroga mas’uliyat yangicha bo‘lmog‘i lozim

Shundan kelib chiqqan holda, faoliyatidagi kamchilik va muammolarni hisobga olib, Prezident Administratsiyasi Nazorat inspeksiyasi shu kunning o‘zida tugatildi. Endilikda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi, bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul etib belgilandi va uning vakolatlari kengaytirildi.

E’tiborlisi, islohotlar ko‘lami va shiddatidan kelib chiqib, tizimdagi o‘zgarishni pastdan boshlash, buning uchun mahalliy hokimliklar tizimini optimallashtirish, ko‘plab muhim vazifalar bo‘yicha hal qiluvchi qarorlarni hokimlarning o‘zlari qabul qilishlarini o‘z ichiga olgan mutlaqo yangi tizim shakllantirilishi belgilandi.

Buning uchun, Surxondaryo viloyatida to‘liq va yana 15 ta tumanda yangicha boshqaruv tizimi sinov tariqasida amalga kiritildi. Olingan tajriba asosida keyinchalik, yangi tizim barcha tumanlarda joriy etiladi.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida bu yo‘nalishda hamon ma’muriy islohotlar amalga oshirilmagani natijasida yuzaga kelgan muammo va to‘siqlarni bartaraf qilishda ushbu yangi qadam o‘z samarasini berishiga ishonamiz. Biroq bu aynan siz-u bizning birgalikdagi harakatimiz mahsuli bo‘lishini ham anglab olmog‘imiz lozim. Zotan o‘zgarish va yangilanishlar tashabbusdan amaliy natijagacha bo‘lgan yo‘lni o‘z-o‘zidan emas, aynan tizimdagi har bir rahbar va xodimning fidoiyligi evaziga bosib o‘tishi tarixiy haqiqatdir.

Shu o‘rinda ayrim raqamlarni keltiradigan bo‘lsak, joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar tahlili ko‘rsatmoqdaki, bu davrda yurtimizda sanoat 6,4 foiz o‘sgan, eksport miqdori 18 foiz, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshgan. Qiymati 3 milliard dollarlik 2 ming 500 dan ziyod yangi quvvat ishga tushgan. Quvonarlisi, 2 million 400 ming odam daromadli bo‘lgan.

Albatta, bu ko‘rsatkich va natijalar bilan bemalol faxrlansak, arziydi. Zotan, dunyo miqyosidagi beqaror siyosiy vaziyat iqtisodiy islohotlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Xalqaro beqarorlik fonida ko‘plab mamlakatlar joriy yil uchun o‘zlarining iqtisodiy prognozlarini qayta ko‘rib chiqmoqdalar.

Oqilona ichki va tashqi siyosat natijasida esa O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad yo‘lidan og‘ishmay odimlamoqda. Videoselektor yig‘ilishi ayni qat’iyatni yanada mustahkamlash, faoliyatimizga bir qarab olish va tahlil qilish imkonini berdi va uning ijobiy natijasi, shubhasiz, yil oxirida namoyon bo‘ladi.

Bu borada ham mehnatkash xalqimizga xos bosiqlik va yetti o‘lchab bir kesishdek go‘zal qadriyatimiz davlat siyosatida o‘z aksini topgani ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Eng asosiysi, erishilgan natijalarni yanada yaxshilash, iqtisodiy imkoniyatlarimizni to‘g‘ri ishlatib, yanada mustahkamlashimizdir. Zero, Uchinchi Renessans so‘zlarda emas, amalda barpo etilmoqda. Unda har birimizning munosib hissamiz bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

 

Jahongir SHIRINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq

masalalari qo‘mitasi raisi