503 10.07.2025
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash masalasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishi nafaqat rasmiy doiralar, balki keng jamoatchilik tomonidan ham katta eʼtibor bilan kuzatildi. Ko‘tarilgan masalalar esa bevosita har birimizga, har kuni duch kelayotgan holatlarimizga aloqador bo‘lib, muhim xulosalarni talab qiladi. Ayniqsa, yo‘l harakati va transport tartibini tashkil etish, tirbandliklarni kamaytirish, haydovchi va piyodalar madaniyati borasidagi mulohazalar jamiyat hayotining dolzarb muammolaridan biriga aylanganini ko‘rsatdi.
Yurtboshimizning “Men ham tirbandlikda qoldim” degan so‘zlari oddiy bir shikoyat emas, balki masalaga befarq emasligini ko‘rsatuvchi belgidir. Davlat rahbari darajasidagi shaxsning o‘zini jamiyat muammosining ajralmas bo‘lagi sifatida ko‘rsatishi – bu katta masʼuliyat, yetakchilik namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Afsuski, bugungi kundagi transport oqimi ortidan poytaxtda ham, viloyat markazlarida ham tirbandliklar, noto‘g‘ri to‘xtashlar, svetoforlarga amal qilmaslik, piyodalar yo‘lagi yetishmovchiligi, chorrahalardagi tartibsizliklar kundalik hodisaga aylanib bormoqda. Haydovchi va piyoda madaniyati orasidagi tafovut, “kim birinchi o‘tadi” degan raqobat kayfiyatida harakatlanish – bu nafaqat hayotimiz uchun xavfli, balki ijtimoiy muvozanat uchun ham salbiy holatdir.
Yig‘ilishda transport boshqaruvida zamonaviy yechimlar – “aqlli svetoforlar”, raqamli monitoring, muqobil yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Albatta, texnologik yechimlar muhim, biroq bu chora-tadbirlar inson omilisiz, yaʼni tartibli, masʼuliyatli, qonunlarga hurmat bilan qaraydigan fuqaro bo‘lmasa samara bermaydi.
Aslida, yo‘l madaniyati bu jamiyatimizdagi umumiy madaniyatning bir ko‘zgusidir. Avtomobil boshqara turib, svetofor qizil chirog‘ida o‘tishni oddiy hol deb biladigan shaxs ko‘pchilikka bo‘lgan hurmatini yo‘qotgan bo‘ladi. Piyoda yo‘lagini mashinasi bilan egallagan kishi esa ayollar, bolalar, keksalarga nisbatan eʼtiborsizligini ko‘rsatadi.
Prezidentimiz yig‘ilishda xalqaro vaziyatga ham alohida to‘xtaldi. Savdo va logistika zanjirlarida yuzaga kelayotgan murakkabliklar, transport yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlar shuni anglatadiki, har qanday ichki muammo ertaga tashqi ishonchga, iqtisodiy barqarorlikka ham taʼsir qiladi. Shu sababli ham, transport tartibi, xavfsizlik va harakat madaniyati masalalari endilikda faqat texnik yoki mahalliy masala emas, bu butun millatga daxldor masaladir.
Shu jihatdan bu masalada hammaning roli bor: davlat idorasi – tizim yaratishi, maktab va oliy taʼlim – ongni shakllantirishi, oila – odob o‘rgatishi, jamiyatda esa javobgarlik bo‘lishi kerak. Shundagina yo‘lda, chorrahada, avtobusda, piyodalar yo‘lagida o‘zaro hurmat, tartib, xavfsizlik hukm suradi.
Baxtishod Rashidov,
partiya Markaziy kengashi mas'ul xodimi