Yo‘l harakati xavfsizligi sari qatʼiy qadam


1066     10.07.2025

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishi yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash hamda yirik shaharlardagi tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha kompleks yondashuvlarni o‘z ichiga oldi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar va belgilangan vazifalar nafaqat muammolarning mohiyatini ochib berdi, balki ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq, tizimli va hayotiy choralarni belgilab berdi.

Albatta, har kuni o‘rtacha olti kishi yo‘llarda halok bo‘layotgani hech birimizni befarq qoldirmasligi kerak. O‘tgan yil 9 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 2 mingdan ziyod yurtdoshimiz bevaqt vafot etgan. Bu achinarli statistika mamlakatimizda harakat xavfsizligi bo‘yicha tub burilish qilish va bu borada davlat siyosatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ko‘rsatadi.

Har bir viloyatda alohida jamg‘armalar, shuningdek, yo‘llarga oid aholi fikrlarini o‘rganish uchun maxsus elektron portal tashkil etilishi natijasida aholi qayerga piyodalar yo‘lagi, svetofor yoki yo‘l belgisi zarurligini bildirishi, yakunda bajarilgan ishlarni baholashi mumkin bo‘ladi. Bu esa jamoatchilik ishtirokini oshirish, jamg‘arma faoliyatining shaffofligini taʼminlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Yig‘ilishda yana bir dolzarb masalaga eʼtibor qaratildi: bu tirbandliklar va jamoat transporti tizimidagi sustkashlik bilan bog‘liq. Toshkent shahri va viloyat atrofidagi hududlarda yagona aglomeratsiya tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Poytaxtga tutash 20 ta avtobus yo‘nalishi 15-20 km ga uzaytiriladi, 6 ta yangi marshrut ochiladi. Sentyabrgacha 200 ta, kelgusi yilda esa 1000 ta yangi avtobus olib kelinadi. Natijada Toshkent shahrida harakatlanuvchi 25 mingta yengil avtomobil soni qisqarishi kutilmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, harakat xavfsizligini taʼminlash nafaqat haydovchilar, balki piyodalarning ham masʼuliyatini oshirishni talab etadi. Shu boisdan, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha maxsus dasturlar yangilanadi. “Yashil chiroq” musobaqalari qayta tiklanadi, g‘oliblar Prezident sovg‘asi bilan taqdirlanadi. Yoshlar ongini shakllantirish uchun zamonaviy videoroliklar, animatsion kontentlar ishlab chiqiladi.

Umuman olganda, ushbu yig‘ilish yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi muammolarga davlat darajasida eʼtibor qaratilayotganining yaqqol dalilidir. Har bir belgilangan topshiriq, ajratilayotgan mablag‘ va amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson hayoti, uning salomatligi va xavfsizligi turadi. Endi bu jarayonlarda barcha davlat organlari, mahalliy hokimliklar, jamiyat vakillari hamkorlikda qatnashib, belgilangan vazifalarni bajarishi kerak. Faqat shundagina yurtimiz yo‘llari xavfsiz, harakati esa madaniyatli va tartibli bo‘ladi.

 

Alisher ARIPOV,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i