Farovon va xavfsiz hayot kafolati


907     10.07.2025

Joriy yil 9-iyul kuni mamlakatimiz Prezidenti raisligida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, transport infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishda bildirilgan aniq tahlil va tizimli yechimlar sohadagi dolzarb muammolarga jiddiy yondashuv zarurligini ko‘rsatdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yo‘l-qurilish va taʼmirlash ishlariga 61 trillion so‘m ajratilib, bu ko‘rsatkich 2017-yilgacha bo‘lgan davr bilan solishtirilganda 3,5 barobar ko‘p ekani ayniqsa diqqatga sazovor. Bu orqali yo‘l infratuzilmasi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalar, onlayn murojaat tizimlari joriy etilib, sohada ochiqlik va samaradorlik oshirildi. Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga keluvchi murojaatchilar soni 50 foizga kamaygani esa aholining davlat xizmatlariga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, o‘tgan yilda 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani, ularda 9 ming nafarga yaqin fuqaro jarohatlangani va 2 203 nafar inson hayotdan ko‘z yumgani barchamizni chuqur o‘ylantirishi shart. Boshqacha aytganda, har to‘rtinchi avariya inson hayoti bilan tugayapti, kuniga o‘rtacha 6 nafar inson halok bo‘lyapti. Bu nafaqat soha mutaxassislari, balki butun jamiyat uchun jiddiy signaldir.

Shu maqsadda, “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi amalga oshirilishi, “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasining faoliyati qayta tashkil etilib, joriy yilda unga 400 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgani davlatimiz rahbarining yo‘lda har bir inson hayotini asrashga qaratilgan qatʼiy irodasini ko‘rsatadi. 

Shuningdek, jarima qo‘llash muddatlari bo‘yicha ham yangiliklar kiritilib, endi qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab 1 oy ichida qaror chiqarilmasa, haydovchi jarima to‘lamaydi. Bu tizimning aniq, qonuniy va insonparvar asoslarga ko‘chib borayotganidan dalolat beradi.

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, zamonaviy, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan transport vositalarining ortishi fonida mavjud tezlik cheklovlari qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Yo‘llardagi holat va harakat ishtirokchilari imkoniyatiga qarab, real va asoslangan cheklovlar belgilash adolat va samaradorlik kafolati bo'ladi.

Biz, xalq vakillari, mazkur islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va har bir fuqaroni xoh haydovchi, xoh piyoda bo‘lsin qoidaga itoatkor, masʼuliyatli va faol fuqaro bo‘lishga chaqiramiz. Jamiyatda faqat tartib, o‘zaro hurmat va qonun ustuvorligi bo‘lgan taqdirdagina xalqimiz farovon va xavfsiz hayotga erishadi.

 

Vasila FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati