Yangiliklar


263   11-11-2022

“... ulardan emasligimiz baxtimiz, omadimizdir!”

Bugun yurtimizda yoshlarni “ommaviy madaniyat”ning salbiy taʼsiridan saqlash va unga qarshi immunitet hosil qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin tan olish joiz, yoshlarimizning aksariyati uning taʼsiriga tushib bo‘lgan va eng achinarlisi, biz –  ota-onalar o‘zimiz farzandlarimizni bu jarga yetaklab ketayotgandekmiz.

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan bir masalaga eʼtibor qaratmoqchiman. Yaʼni, tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi subyektlar o‘z faoliyatiga oid reklamalar borasida faqatgina foydani ko‘zlab ish tutmoqdalar chamasi. Masalaning ikkinchi tomoni ularga qiziqmasdek go‘yo. 

Gap nima haqida ketayotganini anglagan bo‘lsangiz kerak, ha, bu – o‘sha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan  “Mounten Dew” kuchli gazlangan suv brendi xususida. Tasvirdagi ayollarning qilayotgan ishlari nafaqat qonunchilikka zid, balki shu darajada jirkanchki, oddiy oila davrasida ko‘rishga ham uyalasan kishi.

Aksariyat mazkur brendga boykot eʼlon qilishga chaqirmoqdalar. Lekin bu masalaga yechimi bo‘larmikan?

Eng achinarlisi, bizlar ertamiz egalari deb, hamma joyda bong urayotgan yoshlarimizning o‘sha “ayollar” oldida navbat kutib rasmga tushayotgani hammasidan o‘tib tushdi. 

Yana bir qiziq tomoni shundaki, ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali bu ichimlikni rasmi bilan tarqatdi va tegishli tartibda salbiy munosabatlarimizni ham bildirdik.

To‘g‘risi, siz kabi men ham “Mounten Dew” aslida nima ekanligini bilmas edim. Endi-chi? Endi bu – kuchli gazlangan salqin ichimlik ekanini hamma bildi, go‘yoki buni ishlab chiqaruvchilar moddiy manfaatni ko‘zlab uyushtirgandek tuyuldi menga. Eshitishimcha, aybdor deb topilgan ayollarga nisbatan maʼmuriy jazo qo‘llanilganmish!

Xo‘sh,  ishlab chiqaruvchiga-chi?..

“Reklamada davlat tili oyoqosti qilingani yetmagandek hayosizlik va pornografiya elementlari ham bemalol bo‘lib qoldi. Buni normal holat sifatida qabul qilish mumkin emas!”, – degan partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov.

O‘z-o‘zidan savollar tug‘iladi. Bu reklamalar yoshlar tarbiyasiga aks taʼsir qilmayaptimi? “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga zid emasmi?

Agar aholi o‘rtasida bu kabi savollarni beradigan bo‘lsangiz, javoblar sizni qoniqtirmasligi turgan gap. Sababi, xalqimiz orasida shunday tushuncha paydo bo‘lganki, ziynatini yashirib yurgan ayollar – zamondan ortda qolib ketgan-u aksincha, ochiq-sochiq kiyinib, hammani o‘ziga qaratib yurganlar – o‘ta zamonaviy hisoblanadi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi zamonaviy, rivojlangan davlat qurish va maʼnaviy barkamol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish barobarida milliy o‘zligimizni, or-nomus va g‘ururimizni, insoniy qadr-qimmatimizni, ona tilimiz, dinimiz, urf-odat, anʼana va qadriyatlarimizni saqlab qolish va boyitishni o‘z oldiga eng asosiy maqsad sifatida belgilagan. Va har qanday holatda ham o‘z pozitsiyasida qoladi.

Sho‘ro mafkurasi taʼsiridan hanuzgacha chiqolmayotgan baʼzi shaxsning fikriga ko‘ra, global va o‘ta muhim muammolar turgan bir vaqtda hayosizlik avj urib turgan mazkur reklamalarni muhokama qilish noo‘rin ekan. Yana birlari rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, zamon bilan hamnafas yashashimiz kerakligini uqtirmoqchi bo‘lmoqda. Bundanda yomoni, bizlar madaniy va maʼnaviy qoloq, kiyinish borasida ortda qolib ketganimizga hammani ishontirmoqchi. Biz Yevropa emasmiz, agar ibo, hayo atalmish nozik sifatlar yevropaliklarda yo‘q bo‘lsa, ulardan emasligimiz bizning baxtimiz, omadimizdir!

Bugungi global, tahlikali zamonda har qanday mamlakat uchun ham yoshlar va ularning tarbiyasidan-da muhimroq masala bo‘lmasa kerak. Prezidentimiz bu masalaga Davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratayotgani ham bejizga emas.

 

Abror Xusainov,

partiyaning Farg‘ona viloyat Kengashi rais o‘rinbosari