Raqamlashtirish o‘zini oqlayapti(mi?)


701     11.07.2025

Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 7-fevral kuni Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida raqamlashtirish barcha sohalar rivojida katta o‘rin tutayotganiga yana bir bor e’tibor qaratilib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Shu asosda oliy ta’lim tizimida ham qator samarali ishlar qilindi. Xususan, blokcheyn texnologiyasining oliy ta’lim tizimida joriy etilishi ma’lum darajada samaradorlikka ega ekanligini ko‘rsatadi. Xususan, ma’lumot xavfsizligi va hujjatlarning haqqoniyligini ta’minlashda blokcheyn an’anaviy usullarga nisbatan ustunlikka ega. Talabalar va o‘qituvchilarning aksariyati blokcheyn asosidagi tizimlarga ishonch bildirgan va ushbu texnologiya ta’lim jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, blokcheyn joriy etilgan OTMda hujjatlarni tekshirish jarayoni tezlashgan, inson faktoriga bog‘liq xatolar kamaygan va elektron ma’lumot aylanmasi yaxshilangani ma’lum bo‘lgan. Tabiiyki, bu tizimdagi shaffoflik va hisobdorlikni oshirib, ma’lumotlarga onlayn va tezkor kirish imkoniyatini yaratgan.

OTMlarda olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, Moodle, Coursera, Google Classroom va EdX kabi platformalar orqali oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayonini tashkil etish, sun’iy intellekt texnologiyalarining ta’lim jarayoniga integratsiya qilinishi, talabalarning individual ehtiyojlariga moslashtirilgan o‘quv dasturlarini yaratish imkoniyatini kengaytirgan. Shuningdek, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan ta’lim tizimlari talabalarning yuklama darajasini baholash, ularning kamchiliklarini aniqlash va shunga mos dasturlar taklif etishga yordam berishi aniqlangan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari ta’limda innovatsion yo‘nalishlarning biri sifatida tan olinishni boshladi.

Bu texnologiyalar orqali talabalarga amaliyotlar, simulyatsiyalar va laboratoriya ishlarini virtual tarzda o‘tash imkoniyati yaratilyapti. STEM (ilm, texnologiya, muhandislik va matematika) ta’limida VR/AR texnologiyalarining qo‘llanilishi katta natijalarga zamin bo‘lyapti. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, OTMda raqamli ta’lim platformalari va onlayn ta’lim tizimlarini joriy etish barobarida, kiberxavfsizlik masalalari ham juda muhim. Aytish kerakki, raqamlashtirish jarayoni[1]ning o‘zini oqlayotgani yaxshi, albatta. Ammo ularning samarali tatbiq etilishida to‘siq bo‘layotgan ayrim muammolar mavjud. Jumladan, infratuzilma, pedagoglar tayyorgarligi, kiberxavfsizlik va moliyaviy resurslarni yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Chunki globallashib borayotgan dunyoda barcha sohani raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etish qiyin. Raqamli texnologiyalar haqida gap ketganda, bu yangi texnologiyalarga investitsiya kiritishni o‘z ichiga olgan muayyan tashkilot korxonaning barcha mavjud modelini, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilishiga, rivojlanish srtategiyasiga, mijozlar bilan ishlashga, mahsulotlarni ilgari surish va xizmat ko‘rsatish usullari va hatto korporativ madaniyat kabi o‘zgarishlar to‘plami deya qarash kerak.

 

Yorqinjon HUSNIDDINOV,

TDIU Raqamli iqtisodiyot kafedrasi assistenti