Yangiliklar


237   14-11-2022

Keng ko‘lamli hamkorlik, taraqqiyot, totuvlik sari yo‘l!

"Buyuk ipak yo‘li" chorrahasida joylashgan qadimiy va navqiron Samarqand shahri yana bir yirik anjumanga, yaʼni Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga mezbonlik qildi. Albatta, bu mamlakatimizda ilgari surilayotgan o‘zaro hamkorlik, tinch-totuv yashash va integratsiya jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatlar orasidagi savdo, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish kabi ezgu ishlarga hamohangdir.

Bugun ayrim hududlarda yuz berayotgan notinchliklar mamlakatlar, xalqlar o‘rtasida  hamkorlikni, tinchlik va totuvlik, o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlashni taqozo etmoqda. Teng huquqli, teng ovozga ega bo‘lgan holda sammitda qatnashgan O‘zbekiston har doim tinchlik tarafdori bo‘lib kelgan. Mamlakatimiz rahbari hamisha xalqparvar, tinchliksevarlik g‘oyalarini ilgari surib kelmoqda va bu borada  bir qator islohotlarni amalga oshiryapti. Ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik rishtalarini bog‘lashga samarali hissa qo‘shmoqda.

Samarqand sammiti esa bu aloqalarni yanada mustahkamlaydi. O‘zaro hamkor, tili, dini, qadriyatlari bir bo‘lgan xalqlarni yanada yaxshi yashashiga, iqtisodiy rivojlanishiga, mamlakatlar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shadi. Sammitda ilgari surilgan va imzolangan  hujjatlar shundan dalolat bermoqda.

Taʼkidlash lozim, Prezidentimiz turkiy davlatlar rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishlar doirasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘ttiz beshdan ortiq tashabbuslarni ilgari surdi va ularning aksariyati qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, 2021-yilning sentyabr oyida O‘zbekistonda "Yosh tadbirkorlar" forumi tashkil etildi. Transport va bojxona tartib taomillarini raqamlashtirish, koronavirus pandemiyasiga qarshi hamkorlikda kurashish bo‘yicha  bir qator loyihalar amalga oshirildi.

2021-yilning iyun oyida tashkilotga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘qon shahri 2022-yilda “Turk dunyosining turistik poytaxti” deb eʼlon qilindi. 2022-yil iyul oyida esa Toshkent shahrida aʼzo davlatlar qishloq xo‘jalik vazirlarining birinchi yig‘ilishi tashkillashtirildi.

Turk dunyosi birligini taʼminlashga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro  mukofot taʼsis etildi. Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Hos Hojib, Muso al-Xorazmiy  kabi allomalarning madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi. Bu va boshqa qator amalga oshirilgan tashabbuslar haqida uzoq gapirish mumkin.

Ko‘pchilik  Turkiy davlatlar tashkiloti qanday tamoyillarga asoslanganligi bilan qiziqadi. Albatta, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga asoslanadi. Chegaralar daxlsizligi, ichki ishlarga aralashmaslik, ochiqlik, tenglik, uchinchi davlatlar va tashkilotlarga qarshi yo‘naltirilmaganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, Samarqand sammiti turiy xalqlar dunyosida muhim olamshumul voqeylik sifatida tarixda muhrlanishiga shubha yo‘q.

                             

Muborak AHMEDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati