Yangiliklar


248   15-11-2022

Samarqand – Turkiy sivilizatsiya poytaxti

Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi sammiti kutilganidan ham samarali bo‘ldi. Tashkilotga aʼzo davlatlar – O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iz Respublikalari Prezidentlari hamda kuzatuvchi maqomidagi Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi va Vengriya Bosh vaziri ishtirokida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yig‘ilishda barcha sohalardagi aloqalarning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinib, bir necha hujjatlar imzolandi.

Tashkilotning ilk sammiti Samarqandda o‘tkazilishi bejizga emas. Qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan ko‘hna shahar azaldan nafaqat turkiylarning, balki dunyoda tinchlik va do‘stlik ramzi, fan va maʼrifat markazi bo‘lib kelgan va azim kent bugun ham ana shu nufuzini, tarovatini yo‘qotgani yo‘q. Shu bois, sammit ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentining Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb eʼlon qilish tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar.

“Qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va G‘arbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan. Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi o‘z chiqishida.

Bugun tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar aholisi taxminan 170 mln kishini tashkil qiladi va ular 4 mln 200 ming kvadrat kilometrlik katta va muhim geosiyosiy hududga ega. Jahon iqtisodiyotidagi o‘rni ham salmoqli. Biroq aʼzo mamlakatlarning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4 foizini tashkil etadi va bu qoniqarli emas. Shu bois, sammitda asosiy eʼtibor iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratildi.    

Prezidentimiz o‘z nutqida shularni taʼkidlar ekan, bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini taʼminlash uchun tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdilar. Shu maqsadda har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumini o‘tkazishni taklif etib, uning doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalarni o‘tkazish katta amaliy natija berishini va bu borada yillik “Yo‘l xaritalari” qabul qilish muhimligini taʼkidladilar.

Samarqand sammitida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Davlatimiz rahbari strategik masala – transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga to‘xtalib, Transkaspiy xalqaro koridori orqali savdo yuklarini tashish tartib-qoidalarini soddalashtirishni, qo‘shimcha choralar ko‘rish, bu borada qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qildilar. Mintaqadagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga lozimligini qayd etdilar.

Mutaxassislar qayd etganidek, O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi ishtiroki turkiy dunyo birligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-siyosiy o‘zgarishlar, tobora o‘sib borayotgan imkoniyatlarimiz va geosiyosiy joylashuvimiz tashkilot faoliyatini yana-da rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Chunki O‘zbekiston turkiy dunyoning ajralmas qismi hisoblandi va uningsiz tashkilot istiqbolini tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbekiston turkiy-islom sivilizatsiyasining asosiy negizi, iqtisodiy va madaniy beshigi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan o‘tgan yillar davomida Boku, Turkiston va Istanbul sammitlarida ilgari surilgan aniq tashabbuslar tufayli tashkilotga aʼzo davlatlar uchun ilgari foydalanilmagan imkoniyatlar ochildi. Samarqand uchrashuvi esa ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan tashkilot nufuzini yanada mustahkamlashga, tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, xalqlarmizning yaqinlashishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Yorqin MALIKOV,

xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati,

O‘zbeksiton Eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari