Yo‘l xavfsizligi qonunmas, vijdon masalasi


837     11.07.2025

Mamlakatimizda harakat xavfsizligini taʼminlash, jamoat transporti va yo‘l infratuzilmasini tubdan isloh qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. 9-iyul kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi ayni shu yo‘nalishdagi islohotlarga yana bir bor jiddiy eʼtibor qaratilishiga xizmat qildi. Unda faqat muammolar tahlili emas, balki har bir masalaga aniq va qatʼiy yechimlar taklif etildi.

Raqamlar hayratlantiradi va bir vaqtning o‘zida o‘ylantiradi: yo‘llarga so‘nggi yillarda ajratilgan mablag‘lar misli ko‘rilmagan, zamonaviy texnologiyalar joriy qilinmoqda, harakatni nazorat qilish tizimi bosqichma-bosqich raqamlashtirilyapti. Ammo muammolar butunlay hal bo‘lgani yo‘q. Avariyalar sonining yuqoriligi, minglab insonlar hayotining yo‘llarda so‘nayotgani hammamizni hushyor torttirishi kerak. Chunki har bir statistik ko‘rsatkich ortida inson hayoti turibdi.

Yig‘ilishda xavfsizlikka oid yondashuv tubdan o‘zgarishi maʼlum qilindi. Endi eʼtibor faqat jazoga emas, balki oldini olishga, tizimni sog‘lomlashtirishga, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga qaratilmoqda. Har bir viloyat o‘z jamg‘armasiga ega bo‘ladi, resurslar ochiq-oydin sarflanadi, odamlar o‘z takliflarini berib, natijasini kuzatib boradi. Bu islohotlar ichida eng quvonarlisi — aholining ovozi muhim rol o‘ynashiga eʼtibor qaratilgani bo‘ldi. Har bir fuqaro, har bir haydovchi va piyoda endi xavfsizlik siyosatining faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

Shu bilan birga, transport madaniyati haqida jiddiy o‘ylash vaqti keldi. Qoidabuzarlikni oddiy holga aylantirgan odamlarga qonun kuchini ko‘rsatish – endi orqaga surib bo‘lmaydigan zarurat. Aks holda, o‘zini ham, boshqalarni ham xavf ostida qoldirayotgan xatti-harakatlar jamiyatda jazoga loyiq emas, odatiy hol sifatida qabul qilinib ketaveradi. Davlat rahbari bu borada qatʼiy pozitsiyani bildirdi va bu xalqimizni xavfsizlik tomon boshlovchi muhim signal bo‘ldi.

Yana bir bor ishonch bilan taʼkidlashim kerakki, bu islohotlarning markazida inson hayoti, xalqimizning sog‘ligi va jamiyatning ishonchi turadi. Yo‘llar endi faqat transport vositalari harakati uchun emas, balki hayot sifatini, tartib-intizom va madaniyat darajasini o‘lchaydigan mezonga aylanishi lozim. Har birimiz bu o‘zgarishlarga faqat tomoshabin emas, balki faol ishtirokchi sifatida hissa qo‘shishimiz shart.

Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati