1515 11.07.2025
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida "Milliy tiklanish" fraksiyasi tashabbusi bilan "Hukumat soati" o‘tkazildi. Unda Transport vaziri Ilhom Mahkamovning mamlakatimizda yo‘l xo‘jaligi sohasini takomillashtirish, bu borada xususiy sektor ishtirokini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisoboti eshitildi.
Hisobotda maʼlum qilinishicha, hozir respublikada 142 ming km dan ortiq shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari mavjud bo‘lib, ularning 38 ming km qismi taʼmirtalab holatda. So‘nggi to‘rt yilda ichki yo‘llarni qurish va taʼmirlashga 15 trln so‘m ajratildi.
Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari uzunligi esa 3 993 km ni tashkil etadi va hozirda ularning 1 361 km, yaʼni 34 foizi dunyo standartlar asosida taʼmirlangan. Magistral yo‘llarning tranzit imkoniyatlarini oshirish maqsadida so‘nggi 8 yilda xalqaro moliya institutlaridan 986 mln dollar jalb qilindi. Bugungi kunda 1,2 ming km yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Hozirda avtomobil yo‘llari orqali 1,4 mlrd tonna yuk tashilib, hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2030-yilga borib 1,9 mlrd tonnaga yetadi. Bu esa yo‘l tarmog‘iga bo‘lgan yuklamani yanada oshirib, uni ildam rivojlanishini talab etadi.
Bugungi kunda yo‘l xo‘jaligi sohasiga xususiy sektor vakillarini keng jalb qilish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xususiy sektor vakillarining avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarida ishtirok etishlari uchun ochiq va shaffof tanlov tizimi yaratilgan bo‘lib, loyiha va pudrat tashkilotlari to‘liq “Shaffof qurilish” platformasi orqali ochiq tanlov va tender savdolari asosida aniqlanmoqda.
2024-yilda qiymati 3 trln so‘m bo‘lgan 1 857 ta yo‘l obyektlari xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilib, sohada xususiy sektor ishtiroki kengayib bormoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda uzunligi 20 kilometrdan jami 260 kilometr yo‘llarni ekspluatatsiya qilish ishlari autsorsing asosida tadbirkorlarga berildi. Bu orqali sohada faoliyat olib borayotgan xususiy pudrat korxonalarining avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarida ham tajriba orttirishlariga erishildi.
“Hukumat soati”da deputatlar sohada korrupsiyani oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar, yo‘l xo‘jaligi sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish, rivojlangan davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, “pullik yo‘l”larni tashkil etish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savolariga javob oldilar. Shuningdek, bu borada takliflarini berib, fikr-mulohazalarini bildirdilar.