1021 15.07.2025
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yurt taraqqiyoti, jamiyat farovonligi va fuqarolar hayotini yaxshilashga qaratilgan. Beqiyos o‘zgarishlar nafaqat tizimni modernizatsiya qilish, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni qayta shakllantirishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Bu jarayonda davlat boshqaruvi faoliyatini ochiqlash, fuqarolar fikrini inobatga olish va xalq bilan doimiy muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: Xo‘sh, bugun aholining haqiqiy ehtiyojlari va dolzarb muammolari yechimiga qay darajada e’tibor qaratilmoqda? Davlat idoralarining, mas’ullarning fuqarolar murojaatlariga munosabati qanday?
Qayd etish kerak, Prezidentimizning “Islohot — islohot uchun emas, inson uchun” tamoyili bugungi davlat siyosatida qaror qabul qilish mezoniga aylangan. Ushbu yondashuv inson qadrini yuksaltirish, fuqarolarning hayot sifati va farovonligini oshirishga qaratilgan. Lekin har qanday islohot amaliyotga joriy etilganda muayyan to‘siq va muammolar bilan to‘qnash kelishi tabiiy.
Shu nuqtayi nazardan qaralganda, bugungi kunning eng muhim masalalaridan biri — xalq bilan muloqotning tizimli va samarador tashkil etilishi sanaladi. Murojaat qilish imkoniyati mavjud bo‘lishi bilan birga, bu murojaatlarga qanday munosabatda bo‘linmoqda, ularning yechimidan qanday natijalar olinmoqda — mana shu jihatlar asosiy mezonga aylanishi kerak.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024-yilda Prezident Xalq qabulxonalariga 1 million 200 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani aholi faolligining, huquqiy madaniyat va fuqarolik mas’uliyatining o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq, bu ko‘rsatkich shu bilan birga, tizimdagi yetarli samaradorlikka erishilmaganligini ham anglatishi mumkin. Chunki, muammosi tez va oddiy tarzda hal etilgan fuqaro qayta murojaat qilishga muhtoj bo‘lmaydi. Demak, murojaatlar ortidagi real sabablarga yetarli e’tibor qaratish — muhim vazifadir.
Aksariyat hollarda fuqarolar o‘z muammosini avval mahalliy darajada — mahalla, tuman hokimiyati orqali hal qilishga urinadi. Biroq, mahalliy darajadagi mas’ullar tomonidan yechim topilmagan holatlarda murojaatlar markaziy organlarga yo‘naltiriladi. Bu esa, ayrim hollarda, byurokratik to‘siqlar, ish yuritishdagi sustkashlik va fuqaro manfaatlariga nisbatan befarqlikning mavjudligidan dalolat beradi.
Ayni paytda davlat fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish bo‘yicha turli institutlar faoliyati kuchaytirildi: Prezident Xalq qabulxonalari, sayyor qabullar, ommaviy eshituvlar, elektron platformalar — bularning barchasi fuqarolarning davlat bilan muloqotini yaxshilashga qaratilgan. Biroq bu institutlarning barcha hududlarda samarali ishlayapti, deya aytolmaymiz. Masalan, ayrim tumanlarda sektor rahbarlarining aholi bilan muloqoti tizimli va ochiq bo‘lgan holda, boshqa hududlarda bu jarayon rasmiyatchilikdan uzoq ketmagan.
Murojaatlar haqida so‘z ketganda, muhim jihatlardan biri — ularni tahlil qilish va umumlashtirish orqali tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, oldini olishdir. Chunki har bir murojaat ortida inson taqdiri va davlatga bo‘lgan ishonch yotadi. Zero, Prezidentimiz fuqarolar murojaatlariga to‘g‘ri va tezkor javob berish kerakligini ko‘p bor ta’kidlaydi. Ayniqsa, xalqning muammolarini eshitish va ularga yechim topish — har bir rahbarning doimiy burchi ekani doimiy eslatiladi.
Shu bois, biz, deputatlar saylovchilarimiz bilan muloqotda bo‘lib, ularning muammolari va takliflarini aniqlab, davlat idoralariga samarali yechimlar taklif qilishimiz ayni muddaodir.
Binobarin, muloqotning eng muhim mezoni — fuqaro muammosining to‘liq, o‘z vaqtida hal bo‘lishidir. Bu raqamlarda emas, hayotda namoyon bo‘ladi. Masalan, ishsiz yosh ishga joylashsa, talabaning kontrakt to‘lovi bo‘yicha yengillik beriladigan mexanizm ishlasa, nogironligi bo‘lgan shaxsga munosib shart-sharoit yaratilsa — mana shu holatlarda davlatning fuqaro bilan munosabatlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘ladi.
Xalqning ovozini eshitish — bu faqatgina murojaatni qabul qilish emas, balki uni anglash, tahlil qilish, yechim taklif etish va amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yishdir. Davlat organlari nafaqat samarali ishlashi, balki xalq dardini o‘z dardi, deb bilishi lozim. Zero, ta’sirchan islohotlar va barqaror taraqqiyot poydevori — faqatgina ana shu insoniy yondashuvga tayangan holdagina mustahkam bo‘lishi mumkin.
Nazira MUXTOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy
masalalar qo‘mitasi raisi