Yangiliklar


93

Bayrog‘imizga nisbatan ham erkinlik berish vaqti keldi

18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Ushbu sana munosabati bilan partiyaning hududiy kengashlari, deputatlar, jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirokida bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, partiya Markaziy kengashida bo‘lib o‘tgan tadbirni Markaziy kengash raisi Alisher Qodirov ochib, “Milliy tiklanish” partiyasi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish taklifini ancha vaqtdan buyon ko‘tarib kelayotgani, ayni paytda bu masala ko‘rib chiqilayotgani va bunga zarurat borligini taʼkidladi.

– Barcha xalqlar o‘zining bayrog‘i bilan faxrlanadi va yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalashda bundan samarali foydalanmoqda. Afsuski, bizning qonunimizda bayroqdan foydalanishga cheklovlar bor. Faqat davlat idoralari, ayrim belgilangan joylardagina bayroqdan foydalanish mumkin. Endi qonunni o‘zgartirish orqali  barcha idoralar, baland binolar, xonadonlarda, ish stollarida bayrog‘imiz hilpirab turish imkoniyati yaratiladi. Albatta, bu barchamizni xursand qiladi, – dedi A.Qodirov.

So‘zga chiqqan partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov bayrog‘imizni so‘nggi 30 yilda rasmiy burchaklarda saqlanadigan muzey eksponatiga aylantirib qo‘yganimizni, endi bayrog‘imizga nisbatan ham erkinlik berish vaqti kelganini taʼkidladi.   

Tadbirda partiya xodimlari, yoshlar ham so‘zga chiqib, davlatimiz razmi – bayroq haqida o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi.