Orzular sari dadil qadam


1033     17.07.2025

Mamlakatimiz aholisining 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Ya’ni 2025-yil boshidagi ma’lumotga ko‘ra, ularning soni 19 milliondan oshdi. Bu raqam — oddiy statistika emas. Bu ulkan salohiyat, strategik imkoniyat va millat ertasi uchun puxta zamin demakdir. Shu sabab, yoshlar siyosati davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishiga aylangan.

Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yosh avlod vakillarining faolligini oshirish, ularni davlat boshqaruviga, siyosiy va ijtimoiy hayotga faol jalb etish masalasi doimiy e’tiborda. Shuning bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamdagi yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham tahsinga loyiq. Ana shunday tashabbuslardan biri — ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlarida tashkil etilgan olti oygacha bo‘lgan o‘quv kurslaridir. Bu dastur orqali yuzlab, minglab yoshlarga o‘z orzulari sari bir qadam tashlash imkoni berilmoqda.

Mazkur dastur “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda moddiy qo‘llab-quvvatlanadi. Eng muhimi, bu yordam to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘quv markazlariga yo‘naltiriladi va yoshlar o‘zlari tanlagan yo‘nalishda bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Raqamlar esa buning isboti: ayni paytda 8 mingdan ortiq yosh ariza topshirgan bo‘lsa, shulardan 6 608 nafari tasdiqlangan, 4 598 nafari esa allaqachon yordamdan foydalangan. Bu ko‘rsatkichlar har bir yosh uchun ochilgan yangi hayot eshigini anglatadi — kimdir aktyorlik sirlarini o‘rganmoqda, kimdir sport bilan shug‘ullanmoqda, yana kimdir musiqa yoki dizayn sohasida o‘zini topmoqda.  “Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badali”dagi yuborilgan jami arizalar 14 216 ta bo‘lib, 11949 tasi tasdiqlangan, 8555 tasiga yordam ko‘rsatilgan. Bunday ko‘rsatkichlar ko‘zni quvontiradi, albatta.

Binobarin, bugungi yoshlar — ertangi rahbarlar, siyosatchilar, olimlar, muhandislar, yozuvchilar va fidoyi insonlar. Ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni, qarashlari va g‘oyalari — bu yoshlarga bildirilgan ishonch natijasi,  davlatimiz siyosatining mevasi.

Aynan mana shu ishonch O‘zbekistonning ertangi taraqqiyotini belgilab beradi. Har bir yoshni eshitish, unga ishonch bildirish, yetakchi sifatida shakllantirish bu jamiyat oldidagi eng katta mas’uliyatdir. Chunki kuchli yoshlar — kuchli jamiyatni barpo etadi. Kuchli jamiyat esa barqaror, taraqqiyotga intilgan, farovon davlatning poydevori.

 

Nodirbek MURODOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi  

Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari.