Yangiliklar


77

Nahot masʼullar falokat bo‘lishini kutayotgan bo‘lsa?

Partiyadan xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashiga saylangan deputat Rajabboy Ruzmetov Urganch tumanidagi "Baxshilar” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi.

Murojaatlardan birida taʼkidlanishicha, 2140 nafar aholi yashayotgan mahallada hamon maktab yo‘q va 310 nafar o‘quvchilar to‘rt kilometr uzoqlikdagi taʼlim muassasasiga qatnashga majbur bo‘lmoqda. Kamiga o‘quvchilar piyodalar yo‘lakchasi bo‘lmagani bois avtomobil serqatnov bo‘lgan katta yo‘l bo‘ylab maktabga borishadi.

Yana bir murojaatda “Tojmahal” va “Alpomish” ko‘chalariga qo‘shimcha transformator o‘rnatish zarurligi bayon qilingan. Hozirda ishlab turganlarining kuchlanishi juda past va bu aholining maishiy texnikalari ishdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Yana bir muammo 50 yil oldin o‘rnatilgan elektr simyog‘ochlar allaqachon foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgani bilan bog‘liq.

Aholi Xudo ko‘rsatmasin biron falokat sodir bo‘lgandagina masʼullar oyoqqa turishini, aks holda ularni qo‘zg‘atib bo‘lmasligini taʼkidlamoqda. Chunki murojaatlarga qaramay fuqarolar hayotiga xavf solib turgan simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish masalasi qariyb 25 yildan buyon ortga surib kelmoqda.