Yangiliklar


189   24-11-2022

Har qanday jamiyat axloqiy ustunlarga tayanadi

Keyingi paytlarda matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda so‘z erkinligi buzilishi bilan bog‘liq bahslar tez-tez ko‘zga tashlanyapti. Ayniqsa, blogerlar tomonidan bu masalada keskin munosabatlar bildirilmoqda. Badiiy ijod namunalariga nisbatan bildirilayotgan fikrlar ham so‘z erkinligi prizmasidan o‘tkazilmoqda va so‘z erkinligi buzilishi sifatida qaralmoqda. Xususan, ayrim ijodkorlarimizning sheʼrlari, fotolavha, sahna asarlariga bo‘lgan munosabatlar shular jumlasidandir. Ijodiy faoliyatga aralashishning oqibatlari haqida taniqli adiblarimiz ham o‘z fikrlarini bildirishmoqda.

Albatta, taraflarning fikrlarini o‘zgartirish niyatidan yiroq bo‘lganimiz holda, aytmoqchimizki, demokratiya fuqarolarning erkinligi, berilgan erkinlikning himoyalanganligini ham nazarda tutadi. Demokratiyaning yana bir ahamiyatli tamoyili bu konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligidir.

Shu maʼnoda, konstitutsiya va qonunlarni pesh qilishdan charmayotgan, u yoki bu ohangda so‘z erkinligi, ijod erkinligini dastaklayotganlar qonunlarimizni to‘g‘ri yoxud noto‘g‘ri talqin qilayotganligiga, ommani chalg‘itishga urinayotgan yoki urinmayotganligiga eʼtiborimizni qarataylik.

Oldindan taʼkidlashimiz lozimki, dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan badiiy ijod erkinligi so‘z erkinligining, o‘z navbatida, so‘z erkinligi esa axborot erkinligining tarkibiy qismi sifatida qaraladi.

Konstitutsiyamizda so‘z erkinligi, axborot erkinligi bilan bog‘liq normalar 29-moddada, ijod erkinligi bilan bog‘liq normalar esa 42-moddada mustahkamlab qo‘yilgan. Taʼkidlash lozim, axborot erkinligi tushunchasida axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi berilgan, axborotni yaratish masalasi ochiq qoldirilgan, badiiy ijod erkinligi ko‘zda tutilmagan. Shunday kelib chiqiladigan bo‘lsak, badiiy ijod erkinligi haqida jar solayotganlar Konstitutsiya normalariga ko‘z qirini bir bor tashlab qo‘yishlari to‘g‘ri bo‘lardi. Yoki bila turib bo‘rttirish va o‘quvchilarni chalg‘itishga urinishmi yoki baʼzi holatlarda huquqiy ong, huquqiy madaniyat yetishmasligi pand bermoqdami?

Aytishingiz mumkin, “badiiy ijod erkinligi berilgan bo‘lmasada, so‘z erkinligi mavjud, shuning o‘zi yetarli”. Albatta, qaysidir maʼnoda siz haqdirsiz. Shu bilan birga, “Qomus.Info”dan o‘qiymiz:  So‘z erkinligi - bu insonning o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqidir. Ijod erkinligi - bu har qanday tasviriy vositalar va badiiy usullardan foydalanishni nazarda tutadi.

Tushunarliki, hurmatli so‘z ustalari, ijodkorlar mazkur yondashuvlardagi farqni yaxshi tushunib turishibdi. Huquq sohasida alohida-alohida normalar qabul qilinishi amaliyoti esa ularning farqli jihatlarini yaqqol namoyon qiladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amaldagi Konstitutsiyaning 42-moddasiga “badiiy ijod” yoki umumiylik kasb etuvchi “ijod erkinligi” tushunchasini kiritish takliflari bildirilmoqda. Albatta, progressiv qarashlar, qo‘llab-quvvatlash lozim.

Shu o‘rinda taʼkidlab o‘tish zarurki, “badiiy ijod erkinligi” ilmiy nuqtai nazardan o‘qitish, dars berish (akademik erkinlik)ni ham nazarda tutadi. Ko‘rinadiki, mazkur tushunchaning asosiy qonunda mustahkamlanishi dolzarb huquqiy masalalarni hal etish vazifalarini yuklaydi.

Tushunarliki, huquqda har qanday erkinlikning amalga oshirilishi muayyan majburiyat va masʼuliyatlarni ham yuklaydi. Bunga qanday zarurat mavjud. Har qanday jamiyatda erkinlikning sal boshqacha talqini ham mavjud va ko‘pchilik hollarda biz shu talqin tomon og‘ib ketishga moyilroqmiz, yaʼni erkinlik, ko‘p hollarda ishonamiz ham, “o‘zing xohlagan narsani qilish imkoniyatidir”. Ayrim nazariyotchi-falsafachilar eʼlon qilgan mutlaq erkinlik va bunday erkinlikning mavjudligi shubhali va zararli ekanligi ham maʼlum.

Shu sababdan jahon huquq amaliyotida demokratik jamiyatda milliy xavfsizlik, hududiy yaxlitlik, davlat va boshqa sirlarni oshkor etmaslik shartlari, cheklashlar, shuningdek, tartibsizliklar yoki jinoyatchilikning oldini olish, sog‘liq va axloqni himoya qilish, boshqalarning obro‘si yoki huquqlarini himoya qilish va boshqa talablar  nazarda tutiladi.

Ayrim mamlakatlar konstitutsiyalarda ommaviy axloq, aholi sog‘lig‘i va axloqi, yana birlarida boshqa shaxslarning axloqi, bolalarning axloqiy rivojlanishi, axloq qonunlarining buzilishini cheklashga, boshqalarida esa huquq va erkinlik yaxshi axloqqa zid bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan.

Har qanday jamiyat yaxshilik, ezgulikka yo‘g‘rilgan axloqiy ustunlarga tayanadi. Axloqiy ustunlari mustahkam bo‘lmagan jamiyatlar esa tanazzulga yuz tutgan. So‘z erkinligi, ijod erkinligi borasida berilayotgan imkoniyatlarni axloqiy ustunlarni mustahkamlash vositasi sifatida ko‘rish masalasi dolzarb bo‘lib bormoqda.

 

O‘rol XAITOV,

partiya Markaziy kengashi xodimi