Yangiliklar


154   25-11-2022

Bozorlarga “ko‘rk” berib turgan tashqi reklama va peshlavhalar

“Til posbonlari” jamoatchilik nazorati guruhining navbatdagi safari Yashnobod tumaniga bo‘ldi. Jumladan, “Aviasozlar” bozorida “Davlat tili to‘g‘risida” hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi bilan tanishildi.

Eʼtiborli tomoni, “Til posbonlari”ga tuman kengashi deputatlari bilan birga bu safar tuman hokimi maslahatchisi, soliq inspeksiyasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman bo‘limi vakillari, profilaktika inspektori hamda bozor rahbariyati hamrohlik qildi.

O‘rganishlardan maʼlum bo‘ldiki, bozorda qonunlar ijrosi bo‘yicha bir qator amaliy ishlar qilingan. Lekin yetarli emas. Xorijiy tilda yoki imloviy xatolar bilan yozilgan tashqi reklama va peshlavhalar hamon bozorga “ko‘rk” berib turibdi.

“Biz mana, qonunga amal qildik”, deya rus tilida yozilgan peshlavhani lotin yozuviga o‘girganlar ham ko‘p ekan.

Har doimgidek, savdo vakillariga qonunlar mazmun-mohiyati, belgilangan javobgarliklar haqida tushuntirishlar berildi. Tuman hokimning ogohlantirish xati taqdim qilindi. Ikki haftadan keyin berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha na nazorat tadbiri o‘tkaziladigan bo‘ldi.