Yangiliklar


133   28-11-2022

Deputat ko‘zani kunda emas, kunida sindirdi

O‘z saylov hududida o‘rganishlar olib borayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sabirovga Olot tumani “Dilkor” mahallasi aholisidan bugun o‘tindan boshqasiga yaramay qolgan simyog‘ochlarni almashtirish va qo‘shimcha transformator o‘rnatish bo‘yicha murojaat bo‘ldi.

Deputat soha vakillari hamda mahalliy kengash deputatlari hamrohligida ushbu masalani joyiga chiqib o‘rgandi. Yillar davomida hal qilinmay kelinayotgan muammoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan mutasaddilar mahallaga ikki kundan kechiktirmay yangi transfomator va simyog‘ochlar olib kelishga vaʼda berdi.

N.Sobirov shu kuni “Kesakli” oilaviy shifokorlik punktida ham bo‘lib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va dori-darmon taʼminoti bilan tanishdi.

Tibbiy punktda 3 nafar oliy toifali shifokor hamda 22 nafar hamshira ishlaydi. Lekin ko‘za kunda emas, kunida sinadi deganlaridek, o‘sha kuni birorta shifokor ish joyida emasligi aniqlandi. Umuman, punktda xodimlarning ish jadvali tartibga solinmagan. Bundan ko‘rinib turibdiki, xodimlar xohlasa keladi, xohlamasa yo‘q. Sanitariya holati ham talab darajasida emas.

Deputatning keyingi manzili 16-sonli maktab bo‘ldi.

Taʼlim maskani direktori Oybek Xo‘jayevning maʼlum qilishicha, maktab o‘tgan yili “Ochiq byudjet” loyihasida g‘olib bo‘lib, taʼmir uchun 2 mlrd so‘m yutib olgan edi. Maktab taʼmirlandi ham, ammo sport zal va oshxona masalasi hal bo‘lmadi.

O‘qituvchilar deputat bilan uchrashuvda aynan shu masalani ko‘tarib, yordam so‘radi. N.Sabirov esa vakolati doirasida yordam berishini maʼlum qildi.