Yangiliklar


263   28-11-2022

Yangilanayotgan Konstitutsiya ezgu maqsadlarimizga mos bo‘lishi kerak!

Shu kunlarda Jondor tumanida bo‘lib turgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov ishtirokida hokimlik faollar zalida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda J.Shirinov so‘zga chiqib, kelgusi besh yillikning muhim hujjati – Taraqqiyot strategiyasida belgilangan Inson qadri, xalqparvar davlatni barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlar muhim o‘zgarishlarga mos yangi Konstitutsiyani yaratish zaruratini yuzaga keltirganini taʼkidladi. Shu bois, konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar samarali tashkil qilindi. Bunda fuqarolarga fikr-mulohazalar, takliflar bildirish uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Umumxalq muhokamasi davrida 150 mingdan ortiq taklif, fikr-mulohaza kelib tushdi va ularning barchasi o‘rganilib, umumlashtirilib, aksariyati Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

– Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirishga qaratilgan, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi yakunlangan bo‘lishiga qaramay, hamon takliflar kelishi davom etmoqda va ular deputatlar tomonidan har tomonlama o‘rganilyapti.