1606 25.07.2025
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi hamda Xalq deputatlari viloyat Kengashi hamkorligida Shahrixonda Sayyor qabul tashkil etildi. “Saroy”, “Qashqar” va “Paxtako‘l” mahallalarida istiqomat qilayotgan fuqarolari uchun o‘tkazilgan uchrashuvda aholi vakillari tomonidan mahallalarda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, kommunal xizmatlari, yo‘l, ichimlik suvi, bandlik va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat tegishli tartibda rasmiylashtirilib, mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda yechim topilishi yuzasidan nazoratga olindi.
Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar orasida hududda 1979-yilda qurilgan va shu vaqtgacha rekonstruksiya qilinmagan maktabgacha ta’lim muassasasini qayta qurish zarurati alohida ta’kidlandi. Ma’lum qilinishicha, mazkur bog‘cha bugungi kun talablariga javob bermasligi sababli bolalar xavfsiz va zamonaviy sharoitlarda tarbiyalanish imkonidan mahrum bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, 7 yildan buyon boshqa hududda joylashgan mahalla fuqarolar yig‘ini binosi taqdiri ham bugungi kunda yechimini kutayotgan eng muhim masalalardan biri ekanligi ma’lum bo‘ldi. Fuqarolar ushbu binoni qayta tiklab, mahalla markazini o‘z hududiga qaytarishni istashmoqda.
Sayyor qabuldan so‘ng deputatlar “Dolzarb 90 kunlik” doirasida maktabda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyatini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda maktabda 10 dan ortiq to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, maktabning barcha o‘quvchilari ushbu to‘garaklarga jalb qilingan.
Partiyaning Andijon viloyati
Kengashi Axborot xizmati