622 30.07.2025
Ma’lumki, 2011-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 30-iyul sanasi “Xalqaro do‘stlik kuni” sifatida e’lon qilingan. Bu tashabbusning asosiy g‘oyasi — xalqlar va madaniyatlar o‘rtasida tinchlik, barqarorlik va o‘zaro hurmat asosidagi dunyo qurishdir. Bugungi kunda do‘stlik siyosiy barqarorlik, xalqaro hamkorlik va geosiyosiy muvozanatning muhim poydevori sifatida namoyon bo‘lmoqda. BMT rezolyutsiyasida do‘stlik xalqaro tinchlikni mustahkamlash va o‘zaro ishonchni rivojlantirish vositasi sifatida e’tirof etilgani bejiz emas.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi ochiq va pragmatik tashqi siyosat modeli O‘zbekistonni dunyodagi ishonchli sheriklardan biriga aylantirmoqda. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish, umumiy manfaatlar atrofida birlashish siyosiy ishonchni tiklashda muhim qadam bo‘ldi.
2017–2025-yillar davomida mamlakatimiz 20 dan ziyod davlat bilan strategik sheriklik darajasidagi munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi. Transport, energetika, xavfsizlik va suv resurslari kabi umumiy muammolar yechimida hamkorlikning faollashuvi — siyosiy iroda va do‘stlikka asoslangan tashqi siyosat samarasidir.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashayotgani bilan faxrlanamiz. Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik mamlakatimizda davlat siyosati darajasida ta’minlangan.“Do‘stlik uylari”, madaniy markazlar va Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi orqali institutsional ifoda topgan do‘stlik siyosati — faqat shior emas, balki amaliy davlat mexanizmidir. Xalqaro ekspertlar bu modelni “integratsiyalangan jamiyat qurishdagi ilg‘or milliy tajriba” sifatida baholamoqda.
Prezidentimizning kuni kecha Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ham mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishayotgani alohida qayd etilgan.
Ta’kidlash joiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham turli millat vakillari faoliyat yuritmoqda. Bu faqat parlament demokratiyasining ifodasi emas, balki mamlakatimizdagi haqiqiy do‘stlik muhitining qonuniy ifodasidir.
Qonunchilik palatasi xalqaro hamkorlik yo‘nalishida parlamentlararo do‘stlik guruhlari, qo‘shma komissiyalar va diplomatik aloqalar orqali faol ishtirok etmoqda. Shu orqali O‘zbekistonning tinchlikparvar va ochiq siyosati dunyo hamjamiyatida yuksak e’tirof etilmoqda. Ana shu imkoniyatlar zamirida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, siyosiy ishonch va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik yotadi.
Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik haftaligi” munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida qator amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik mavzusida davra suhbatlari, forumlar va muloqotlar, hududlardagi “Do‘stlik uylari” faoliyatini namoyon etuvchi ochiq eshiklar kunlari, yoshlar va faol ayollar ishtirokida do‘stlik-elchilar loyihasi doirasida uchrashuvlar, milliy madaniy markazlar ishtirokidagi “Xalqlar do‘stligi” gala-konsertlari orqali nafaqat millatlararo totuvlik, balki davlatlararo do‘stlik, umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ham targ‘ib etilmoqda.
Umuman olganda, xalqaro do‘stlik kuni bugungi murakkab dunyoda tanlov emas, balki siyosiy, insonparvarlik va davlatchilik ehtiyojidir. Do‘stlik bugun deklarativ shior emas, balki strategik siyosiy ong, global hamkorlik va barqaror taraqqiyotning istiqbol mezonidir.
Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati