Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament faol va tashabbuskor bo‘ladi


2931     01.08.2025

Kuni kecha Prezidentimiz maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Darhaqiqat,  maishiy korrupsiya bugungi kunda nafaqat davlat idoralari balki, oddiy insoniy munosabatlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan illatga aylanib bormoqda.

O‘tgan davr mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlat va jamiyat qurilishining barcha tarmoqlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan 70 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazkur islohotlarni ro‘yobga chiqarishda mustahkam asos bo‘ldi.

Parlament palatalarida ushbu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil qilindi. Har bir me’yoriy-huquqiy hujjat “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilib, korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotida tizimli profilaktika chora-tadbirlari kuchaytirildi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining muhim jihatlarini namoyon etmoqda.

Ahamiyatlisi, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati faqat qonunlar bilan emas, jamiyat bilan birga olib borilmoqda. O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, ularda faol ishtirok etmoqda.

Maishiy korrupsiya — aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladigan illat. Bunday holatlar asosan, har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida ko‘rsatiladigan oddiy xizmatlarda uchramoqda. Davlatimiz rahbari taqdimotda mazkur masalaning dolzarb jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Korrupsiya omillarini sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish asosiy vazifa sifatida belgilab berildi. Lekin, ko‘p hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayotgani, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan preventiv choralarning hali yetarli emasligi qayd etildi. Taqdimotda shu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Prezidentimiz korrupsiyaning faqat kamaygani emas, qanchasining oldi olinganiga qarab, davlat idoralari faoliyatini baholash kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan “raqamli nazorat” o‘rnatish zarurligi aytildi. Har bir hududda korrupsiyadan xoli, shaffof, hisobdor va fuqarolarning ishonchiga asoslangan muhit shakllanishi lozimligini ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Davlatimiz rahbari tomonidan sohadagi qonunchilikni tinimsiz takomillashtirib borish,  bu jarayonda Senat va Qonunchilik palatasi a’zolarining ishtiroki alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Nazorat tuzilmalari, ularning vazifalari va maqomini belgilab beruvchi qonunning yo‘qligi qayd etilib, bu borada manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda  qisqa muddatlarda alohida qonun loyihasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish vazifasi yuklatildi.

Qayd etish kerak, Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida bir qator ustuvor vazifa va tashabbuslar ilgari surilgan edi. Xususan, korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekani ta’kidlanib, parlamentning mas’ul qo‘mitalariga mahallagacha tushib, jinoyatchilikni oldini olish, korrupsion holatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, davlat xaridlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarni kamaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalarda tavsiyalar berilgandi.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan har bir vazifa parlament quyi palatasida alohida nazoratga olindi. Mazkur masala yuzasidan nafaqat qo‘mitalar, balki har bir partiya fraksiyalari ham o‘z oldilariga vazifalar belgilab oldilar. Deputatlik korpusi vakillari ham saylov okruglarida o‘tkazgan uchrashuvlari davomida korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda faol ishtirok etmoqdalar.

O‘tgan davr mobaynida jinoyatchilikning oldini olish borasida respublika bo‘yicha har bir mahallagacha tushib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi. Ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda ijtimoiy profilaktika to‘g‘ri tashkil etilganligi tanqidiy o‘rganib chiqildi.

Shu bilan birga, quyiga tushib profilaktika inspektorlari, tergovchi va mahalladagi faollar bilan uchrashuvlarda ular ko‘tarayotgan qator masalalar borib-borib baribir qonunlarga taqalganining guvohi bo‘ldik. Jumladan, sovuq qurol olib yurish huquqbuzarligini takroran sodir etganlik uchun alohida javobgarlikning yo‘qligi yoki ijtimoiy xavfi past bo‘lgan ayrim qilmishlarning jinoyat sifatida belgilanishi natijasida ayrim aholi vakillarida ortiqcha “sudlangan” tamg‘asi bosilishi holatlari bunga misoldir. Masalan, avtoavariya bo‘lib ba’zida mashina ichida haydovchining yaqin qarindoshiga o‘rtacha shikast yetgan hollarda, uning hech qanday da’vosi yo‘qligi, shundoq ham boshiga kulfat tushgan, shu bois rulda bo‘lgan otasi yoki akasini tinch qo‘yishni so‘rasa ham qonunlarimiz shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etmasligidir.

Har bir o‘rganishlar yakuni bo‘yicha tumanlarda o‘tkazilgan xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida prokuror va ichki ishlar rahbarining hisobot va axboroti eshitilib, ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. O‘rganishlar yakuni bo‘yicha jinoyatchilikning oldini olishda to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator qonun loyihalari tayyorlandi.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar ham bevosita joylarga chiqib o‘rganildi. Aholi va tizim mutaxassislari orasida so‘rovnomalar o‘tkazildi. Parlamentda sohaga mas’ul vazirlikning axboroti doimiy eshitib borilmoqda. Shuningdek, korrupsion holatlarga tizimdagi normativ hujjatlarni takomillashtirish, qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish borasida vazirlik bilan hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

Korrupsion jinoyatlarga oid qonun ham deputatlar, senatorlar, prokuratura, ichki ishlar va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda qayta ishlab chiqildi. Shu bilan birga, ayni vaqtda vazir va hokim lavozimiga nomzodlar ko‘rib chiqilayotganda ular korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq rejalarini Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar oldida himoya qilishlariga oid qonun loyihalari tayyorlanmoqda.

Ta’kidlash joiz, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish kuchli huquqiy asos va sifatli qonunlar qabul qilishni talab qiladi. Shu bois, joylarda aniqlangan muammolardan kelib chiqib, jinoyat qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini  tezroq qabul qilish choralarini ko‘rish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ham korrupsiyaga qarshi ekspertizasini kuchaytirish lozim.

Yana bir masala, parlament tomonidan Korrupsiyaga qarshi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Shu bilan birga, ushbu Milliy ma’ruzani taqdim etuvchida ham, uni ko‘rib chiquvchida ham mas’uliyatni kuchaytirish uchun, uni taqdim etish muddatini qonunda aniq ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilayotgan barcha topshiriq va vazifalar parlamentning rolini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Albatta, bularning barchasi deputatlik korpusi zimmasidagi mas’uliyatni bir necha karraga oshiradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat bir necha yillik vazifa emas, bu uzluksiz davom etadigan jarayon. Shu nuqtayi nazardan, deputatlik korpusi vakillari bundan keyin ham joylarda bu boradagi ishlarni davom ettiradi, korrupsiyaga qarshi islohotlarning muvaffaqiyatini ta’minlashda faol va tashabbuskor bo‘ladi.

 

Jahongir SHIRINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq

masalalari qo‘mitasi raisi