3535 08.08.2025
Bugungi kunda dunyoda 32 ta davlat rasman landlocked developing countries (LLDC) — dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar mavjud. Ularning mavqei nafaqat logistika muammosi, balki investitsiya jozibadorligi, eksport tarkibi va yalpi ichki mahsulot dinamikasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omildir.
Markaziy Osiyo mintaqasi to‘liq landlocked developing countries LLDC’dan iborat bo‘lib, bunga O‘zbekiston eng yorqin misollardan biridir. Mamlakat nafaqat dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas, balki shunga o‘xshash LLDC bilan o‘ralgan — bu uni ikki karra dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakatga aylantiradi. Bunday mamlakatdan bojxona, sertifikatlash, tariflar va infratuzilma farqlarini hisobga olgan holda yuk xalqaro dengiz portiga yetib borishi uchun kamida ikkita chegarani kesib o‘tish kerak.
Mazkur omillar ushbu 32 ta rivojlanayotgan davlat dunyo iqtisodiyotiga to‘liq integratsiyalashishda qator murakkab to‘siqlarga duch kelmoqda.
2025-yil 5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.
Konferensiyada transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, savdo tartiblarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik xatarlarga bardoshlilikni oshirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kabi masalalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Turkmanistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Shuningdek, konferensiyada muhokama qilingan masalalar hayot uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib, dengiz portlaridan uzoqlik va bir nechta davlat hududlarini kesib o‘tish zarurati obyektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini jumladan, yuqori tariflar, chegaraviy siyosatga qaramlik, transport infratuzilmasining cheklanganligi asosiy to‘siqlar sifatida ta’kidladi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori transport xarajatlari va tranzitdagi noaniqlik sababli Markaziy Osiyo mamlakatlari har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizini yo‘qotmoqda. Bunda logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha yetib, jahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Markaziy Osiyoda yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanganini bildirdi.
Ma’lumki, hozirgi kunda Markaziy Osiyoda “bir tanu bir jon” bo‘lib ish olib borish tendensiyasi shakllanmoqda. Bu nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy uyg‘unlik hamdir. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li, “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” tranzit yo‘lagining joriy etilishi, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqish – bularning barchasi yangi logistika xaritasini shakllantirmoqda.
Prezidentimiz o‘z nutqida mintaqaviy integratsiya, transport infratuzilmasi, logistika xavfsizlik va xalqaro tenglikni ta’minlash masalalari yuzasidan qator ilmiy asoslangan tashabbuslarni ham ilgari surdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, xalqaro ekspertlar, tahlil markazlari va manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda muntazam anjuman va davra suhbatlari o‘tkazish — yuqoridagi tashabbuslarni amalga oshirishda muhim tajriba va bilim almashish imkonini yaratadi. Bu maydonlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlab, tegishli siyosiy qarorlarni ilmiy asoslangan holda qabul qilishga yordam beradi.
“Avaza” konferensiyasida bildirilgan ushbu takliflar xalqlararo do‘stlik timsoli, iqtisodiy mustaqillik uchun kurash va barchaga ochiq rivojlanishning ramzi bo‘lib bu transport tizimidagi notenglikni bartaraf etish, iqtisodiy imkoniyatlarga teng kirishni ta’minlash va global barqaror rivojlanish tamoyillarini o‘z ichiga oladi.
Mazkur konferensiya O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi faol diplomatik sa’y-harakatlarida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan tashabbuslar mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida amaliy asosga ega ekanini ko‘rsatib berdi.
Konferensiya yakunida qabul qilingan “Avaza deklaratsiyasi” – bu faqat diplomatik hujjat emas, balki kelajak taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilishga chaqiruvdir.
Axliddin Jumayev
MTDP Markaziy kengashi
mutaxassisi