79 09.08.2024
Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi oldidan
Mustaqillik – xalqimizga nafaqat erkin yashash, balki xalqaro huquq normalarida aks etgan barcha haq-huquqlaridan to‘siqsiz foydalana olish imkoniyatini berdi.
Jumladan, ta’lim olish huquqini amalga oshirishda yurtdoshlarimizga juda keng yo‘l ochildi. Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Baxtigul Bo‘tayeva shu haqda so‘zlab berdi:
– Mustaqillik tufayli ta’lim sohasida milliy qadriyatlarimiz, o‘zligimizga mutanosib milliy ta’lim tizimi yaratildi. Eng avvalo, farzandlarimiz xalqimizning asl tarixini o‘rganib, ilm-fanda dunyoni zabt etgan bobokalonlarimizning ulkan merosiga munosib avlod bo‘lishga intila boshladi.
Xalqaro fan olimpiadalarida farzandlarimiz aniq fanlar bo‘yicha mustahkam poydevori bor xalq vakili sifatida o‘zlarini namoyon qilib kelmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda ta’lim tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Farzandlarimiz ta’lim-tarbiya oladigan maskanlarda, eng avvalo, shart-sharoitni yaxshilash yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilgani tufayli mamlakatimizda ko‘plab yangi bog‘chalar, maktab va oliygohlar barpo etildi. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda.
Eng muhimi, bu yo‘nalishdagi qamrov darajasi keskin o‘sdi. Bu nafaqat maktabgacha ta’lim, maktab, balki oliy ta’limda ham yaqqol sezildi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgani barchamizni xursand qiladi.
Alohida e’tirof etish o‘rinliki, yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasida ta’lim sohasida keng o‘rin berildi.
Avvalgi Konstitutsiyada ta’lim bo‘yicha qisqa me’yor keltirilgan edi. Ya’ni, 41-moddaga ko‘ra, “Har kim bilim olish huquqiga ega. Davlat bepul umumiy ta’limni kafolatlaydi. Maktab ishi davlat nazorati ostida”.
Yangilangan Konstitutsiyada esa zamon talablari, milliy taraqqiyotimizdan kelib chiqib, ta’lim sohasiga kengroq e’tibor qaratildi. Ta’lim beruvchi ustozlarga e’tibor ham ilk bor Bosh qomusimizda aks etdi.
Ya’ni, 50-moddada qayd etilganidek, “Har kim ta’lim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi.
Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir. Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi”.
51-moddaga ko‘ra, “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli. Oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega”.
52-moddaga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Ko‘rinib turibdiki, davlat ta’lim tizimini, ta’lim olishni va ta’lim berishni huquqiy himoya qilibgina qolmay, bu borada keng imkoniyatlar ham yaratib beradi.
Shuning o‘ziyoq Yangi O‘zbekistonda ta’limga bo‘lgan e’tiborni, ta’lim taraqqiyotning muhim strategik yo‘nalishi ekanini ham namoyon etdi.
Bularning hayotimizdagi amaliy ifodasida esa har birimiz, ayniqsa, xalq vakillari bo‘lgan parlament a’zolarining mas’uliyati katta. Shundan kelib chiqib, qo‘mitamiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlarni parlament nazorati, senator nazorati kabi institutlardan samarali foydalangan holda o‘rganib bormoqda. Uchrayotgan kamchiliklar esa mutasaddilarni jalb etgan holda bartaraf etib borilmoqda.
Baxtigul Bo'tayeva,
Oliy Majlis Senati a'zosi