124 09.08.2024
Uch ming yillik shonli tarixi bor biz o‘zbeklar o‘z qadriyatimizga, madaniyatimiz va e’tiqodimizga ega xalqmiz. 33 yillik istiqlol yo‘lini ham oson bosib o‘tmadik, har qadamda g‘avg‘olaru, turli siyosiy o‘yinlarni ko‘rdik. Bularning aksariyati millat birligini sindirishga qaratildi. O‘zbekiston o‘z paytida ma’muriy tuzilishiga ko‘ra, viloyat (shahar, tuman)larga bo‘lingan. Ammo bozorimizu mozorimizni, tilimizu, millat birligini hech kim bo‘lmagan.
Bugunga kelib esa ayrim yurtdoshlarimiz bizni Toshkentligu, Marg‘ilonlikka, Samarqandligu, Qashqadaryolikka bo‘lishga urinishyapti. Xo‘sh, ularning ochiqdan-ochiq nafrat bilan “viloyatliklar” deb haqorat qilishlariga nima sabab bo'lyapti? Kim - kimu, kim nimani bo‘lisha olmayapti?
Bilamizki, ijtimoiy tarmoqlar ham aslida jamoat joyi hisoblanadi. Jamoat joyida esa shaxslarning yurish-turish me’yorlari mavjud bo‘lgani kabi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning ham yozilmagan qoidalari bor. Nazarimda, hamyurtlarimizni haqorat qilayotgan ba’zi bir shaxslar atayin bunday holatlarni yuzaga keltirib, ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari sonini ko‘paytirish niyatida shu kabi jirkanch ishlarga qo‘l urmoqdalar.
Bir narsani aniq bilishimiz kerakki, ijtimoiy tarmoqlarni butun dunyo kuzatib boradi. Demak, bunday harakatlar millatimizni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ham sharmanda qiladi. Nazarimda, aynan shunday voqeliklar qayta uchramasligi uchun barchamiz birlashib, harakat qilishimiz, tarbiya
hamda o‘zaro mehr-oqibatni kuchaytirishimiz kerakligini davrning o‘zi kun tartibiga chiqarmoqda.
Deputatlarimiz har bir mahallada oqsoqollar bilan birga yoshlarimizga tushuntirish ishlarini ko‘proq olib borsalar, shu qizlarni ota-onalari bilan kerak bo‘lsa, suhbatlar o‘tkazilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Zero, ushbu “oliy maqsadlari sari” boshlangan ishlarning ustida turgan ba’zi bir “mehribonlar” qizlarimizni noto‘g‘ri yo‘lga undashmoqda, lekin bundaylarga biz bu yo‘lni tanlab hech narsaga erisha olmasliklarini bildirib qo‘yishimiz kerak!
Eng achinarlisi, yoshgina qizlarimiz orasida o‘z ota-bobolarining asli kelib chiqishi aynan viloyatdan ekanligini ham bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yayotganlar bor. Biz esa bunday qadamlar millat va mamlakat birligini, bugungi tinch va osuda hayotimizni buzishga hissa bo‘lib qo‘shilishini tushuntirishimiz kerak.
To‘g‘ri, xato qilgan, aqli kaltalik qilib, gapirib qo‘ygan qizlarimiz jazolanishar yoki jarima to‘lashar, lekin bunday holat o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida muhrlanishi va bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Balki shunday yo‘l tutgan ba’zi insonlarga tayinlanadigan jazo choralarining ta’sirchanligini oshirishimiz kerakdir?
Ayni paytda, biz - kattalar, oilada va ta’lim dargohlarida yoshlarimizga mukammal tarbiya berish bilan birga, ularning ongiga barchamiz bir millat, bir xalq va bir davlatning fuqarolari ekanligimizni singdirib, doimo o‘zbekistonlik bo‘lganliklaridan faxrlanish tuyg‘ularini his etishlariga sharoit yaratib berishimiz kerak.