“Mening birinchi kutubxonam” loyihasi boshlandi


908     30.08.2025

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi bayrami arafasida poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 588-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida “Mening birinchi kutubxonam” loyihasi doirasida bolalarga mo‘ljallangan eng sara adabiyotlardan iborat kitob javoni taqdim etildi.

Taqdimotda kitob mualliflari o‘z asarlarini bolalarga o‘zlari o‘qib berishadi. Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar hamda tarbiyachilar uchun “Mahorat darslari” o‘tkaziladi va bolalar uchun kitob tanlash hamda ularni o‘qib berishda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligiga oid maslahatlar beriladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, har kuni 15 daqiqa davomida kitob o‘qish bolaning til rivoji, miyaning mehnat qobiliyati va maktabga tayyorgarlikda sezilarli natija beradi. Shu bois ham yosh avlodni kitobga qiziqtirishning dastlabki davri, yaʼni kitob bilan tanishtirish davri dunyoda eng ko‘p o‘qiydigan davlatlarda bola tug‘ilganidan, yaʼni 0-3 yoshgacha etib belgilangan. O‘zbekistonda esa bolalarni kitobga qiziqtirish davri 3 yoshdan boshlanadi. Xalqaro tajribada 0-3 yoshgacha bo‘lgan davr bolalarni kitobga qiziqtirishning muhim bosqichi hisoblanadi.   

Mazkur loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad milliy kontentni rivojlantirishda bolalar kitobxonligini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratish, bolalarning murg‘ak yoshidan boshlab ota-onalari bilan birgalikda kitob o‘qishni aholi o‘rtasida ommalashtirishning poydevori sifatida belgilash va bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etayotgan nashriyotlarni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirishdan iboratdir.

Shuningdek, oilaviy mutolaa anʼanasini tiklash va rivojlantirish, kitobxon yoshlar safini kengaytirish va bu orqali bolalarning dunyoqarashi, maʼnaviyati va intellektual salohiyatini oshirish, ularning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, tasavvurlarini boyitish, fikrlash, tahlil qilish va nutq salohiyatini rivojlantirish ham ezgu maqsadlar sirasiga kiradi.

“Mening birinchi kutubxonam” loyihasi doirasidagi ilk tadbirda  maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 63 nomdagi 630 dan ziyod adabiyotlar taqdim etildi. Loyiha mamlakatimizda bolalar uchun chop etilayotgan adabiyotlar bilan nafaqat bolalarni, balki ularning ota-onalarni ham yaqindan tanishtirish, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida o‘zbek va jahon adabiyotiga mansub bolalar uchun mo‘ljallangan kitob javonlarini tashkil qilish hamda bu tashabbusni umummilliy harakatga aylantirish, bolalar adabiyoti targ‘ibotiga ko‘maklashish va eng muhimi, har bir xonadonda oilaviy kutubxonalarni tashkil etish maqsadini ko‘zlaydi. Mazkur loyiha hududlarda ham o‘tkaziladi.