1092 02.09.2025
Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi ko‘tarinki kayfiyatda, yuksak darajada nishonlandi. Ortga nazar tashlab, o‘tgan yillarda yurtimizda barcha sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganiga, muhim o‘zgarishlar aholi turmushida chuqur aks etganiga amin bo‘lmoqdamiz. Xalqimiz hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, turli sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar zamirida esa ulkan mehnat, fidoyilik va oqilona siyosat mujassam.
Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning farovon kelajagi uchun zamin yaratish, eng avvalo, taʼlim, tibbiyot, iqtisodiyot, sport, madaniyat, huquq, mudofaa, tashqi siyosat kabi sohalarda puxta o‘ylangan islohotlarga bog‘liq. Ayniqsa, taʼlim sohasini rivojlantirish borasida ro‘yobga chiqarilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari ertangi kunimiz uchun mustahkam poydevor qo‘yilayotganini tasdiqlaydi.
Xususan, shahar va qishloqlarda yangi zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari bunyod etilib, unga qamrovning oshirilishi, pedagog kadrlarning ijtimoiy-huquqiy muhofazasini kuchaytirish choralari ko‘rilayotgani, oliy taʼlim sohasida xususiy sektorga keng imkoniyatlar berilishi singari muhim qadamlar millat kelajagini yaxshilashga qaratilgan. Eʼtirof etish joizki, taʼlim sohasiga yuksak eʼtibor yurtimiz yoshlarining ilmga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirmoqda. Natijada ular xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishib, dunyoning top universitetlarini zabt etmoqda.
Albatta, bu yutuqlar zamirida ulkan mehnat, katta moliyaviy resurslar turibdi. Lekin asl sabab mazkur soha rivojiga ko‘rsatilayotgan eʼtiborda. Milliy statistika qo‘mitasi bergan maʼlumotga ko‘ra, Birgina shu yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatimizda 68 ta maktab ishga tushirilgan.
Eng foydali investitsiya taʼlimga yo‘naltirilgan investitsiya deganlaridek, bilim maskanlarining qurilishi, jihozlanishi va taʼlim uchun sarflanayotgan mablag‘lar yurt kelajagi uchun tikilgan muhim sarmoyadir.
O‘zbekistonni dunyoga tanitayotgan yana bir soha bu hech mubolag‘asiz – sport. Mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini esa barchamiz ko‘rib, his etib turibmiz. Va tabiiyki, natijalardan quvonchimiz bisyor.
Ayniqsa, Olimpiya va paralimpiyachilarimiz qo‘lga kiritgan medallar yurtimiz dovrug‘ini taratish barobarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar safining kengayishiga sabab bo‘ldi. Futbol bo‘yicha mamlakatimiz milliy terma jamoasini mundialda ko‘rish orzusining ushalgani esa barchamizga birdek quvonch ulashdi. Dunyo eʼtiborini yana bir O‘zbekiston degan davlatga qaratdi.
Shaharu qishloqlarimizni yashil makonga aylantirish, yoshlarimizni oliy taʼlim bilan qamrab olish, aholi bandligini taʼminlash, kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida professional servisni joriy etish, qonunchilik sohasida mahalliy Kengashlar vakolatini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarida qonun talablariga rioya qilinishi borasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi harakatlar ham islohotlarda xalq manfaatlari ustuvorligi bosh maqsad etib belgilanganidan dalolat.
Jonajon yurtimizda ro‘y berayotgan bu o‘zgarishlardan faxr tuyasan, kishi. Shuning barobarida, shu yurt farzandi, islohotlar ishtirokchisi sifatida har birimiz Vatan ravnaqi, xalq farovonligi uchun o‘z hissamizni qo‘shishga burchli ekanimizni ham unutmasligimiz darkor.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi