Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlik yo‘lidagi yangi tashabbuslar


583     03.09.2025

Xitoy — O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning tarixiy ildizi uzoq asrlarga borib taqaladi. Sababi bu ikki xalq azaldan o‘zaro savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan.

Rasmiy Toshkent va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda. Davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik strategik darajaga ko‘tarildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi oliy darajadagi muloqotni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Binobarin, tarixiy tashrif davomida mamlakatimiz rahbari Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etdi. Shuningdek, Pekin shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi.

SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida XXR yetakchisi O‘zbekiston yuksak sur’atlar bilan rivojlanib, mamlakatda hayot yaxshilanib borayotganini hamda Xitoy tomoni bundan juda mamnun ekanligini alohida ta’kidlagani yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini xalqaro darajadagi e’tirofi bo‘ldi.

Prezidentimiz o‘z nutqida mazkur sammit global noaniqlik sharoitida, ya’ni ishonch tizimli ravishda susayib, mojarolar kengayib, ko‘p tomonlama institutlar zaiflashib, jahon savdo tizimi parchalanib borayotgan bir sharoitda o‘tayotganini qayd etdi. Shubhasiz, bunday sharoitda SHHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi mintaqada tinchlikni saqlashning kalitidir.

SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida davlatimiz rahbari bir qator masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, tashkilotning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarurligi bildirildi.

Tashkilotni izchil kengaytirish, uning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibiga yangi a’zolarni, shu jumladan boshqa mintaqa davlatlarini ham qo‘shish uni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishi mumkinligi urg‘ulandi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik SHHTning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini inobatga olib, davlatimiz rahbari Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha SHHT deklaratsiyasini qabul qilishni taklif qildi. Bu juda muhim tashabbus bo‘lib, mazkur deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanadi hamda BMT shafeligidagi tarqatmaslik global rejimiga munosib hissa qo‘shadi.

Agar bugungi kunda jahonda, shu jumladan mintaqamizda ham atom energetikasi jadal rivojlanib borayotganini e’tiborga olsak, ushbu tashabbus qanchalik muhim ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Bu atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar uchun ham ahamiyatlidir.

Transchegaraviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish kabi muhim takliflar esa O‘zbekiston tinchlik, xavfsizlik masalalariga qanchalik ahamiyat qaratishidan yaqqol dalolat beradi.

Prezidentimiz o‘z nutqida “SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyatini qayta tiklashni O‘zbekiston har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu g‘oyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u konstruktiv muloqotlarni rivojlantirish va Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishdek muhim vazifalarni bajarishi mumkin.

Mamlakatimiz yetakchisi tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar nafaqat tinchlik va xavfsizlik, balki, iqtisodiy taraqqiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, “yashil” transformatsiya, ekologiya, madaniy aloqalar kabi soha va yo‘nalishlarni ham qamrab oldi.

SHHT doirasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlikni mustahkamlash borasida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan g‘oya va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda biz parlament a’zolari oldida muhim vazifalar turibdi. Mazkur vazifalarni o‘z vaqtida va to‘laqonli bajarishda har birimiz yanada faol va tashabbuskor bo‘lamiz.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi