1108 04.09.2025
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining keng qamrovli nutqi bilan chiqdi.
Davlatimiz rahbari avvalo Xitoy Xalq Respublikasiga sammitni yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirib, SHHTning barqaror rivojlanishi xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Prezidentimiz o‘z nutqida global miqyosdagi murakkab vaziyat – xalqaro institutlarning zaiflashuvi, mojarolarning kengayishi, savdo tizimidagi beqarorlikka alohida eʼtibor qaratdi. Shu bois, SHHT makonida birdamlik va o‘zaro ishonchni saqlash “faqat qimmatli boylik emas, balki tinchlik kaliti” ekanini alohida taʼkidlab o‘tdi.
O‘zbekiston yetakchisi yadro xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama deklaratsiya qabul qilishni taklif etdi. Shuningdek, terrorizm, kiberjinoyatchilik va sintetik narkotiklar muammosi bo‘yicha yangi mexanizmlar yaratish zarurligini qayd etdi. Prezident “SHHT - Afg‘oniston” bo‘yicha muloqot guruhini qayta tiklash tashabbusini ham qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, savdo-sotiqni soddalashtirish to‘g‘risida bitim imzolash, “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi bilan bog‘lash zarurligini ilgari surdi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini mustahkamlash va sarmoyalarni rag‘batlantirishni muhim vazifa sifatida qayd etdi.
Prezidentimiz SHHT doirasida strategik materiallarni qayta ishlash markazi, “yashil energetika” konsorsiumi va startaplarni qo‘llab-quvvatlash tarmog‘ini tashkil etishni taklif qildi. Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan ekologik xavflarni bashorat qilishda foydalanish zarurligini taʼkidladi. Xalqaro ijodiy festivallar o‘tkazish, “SHHT universiteti”ning onlayn kampusini yaratish, yoshlar uchun olimpiadalar tashkil etish kabi tashabbuslarni ilgari surdi. “SHHT sayyohlik yo‘lagi” va tibbiyot turizmi alyansini yo‘lga qo‘yish istiqbollariga ham to‘xtaldi.
O‘zbekiston rahbari SHHTning 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi va Tyanszin deklaratsiyasi tashkilotning kelgusi taraqqiyotiga asos bo‘lishiga ishonch bildirib, O‘zbekiston bundan buyon ham tashkilot doirasida do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun faol harakat qilishini taʼkidladi.
Alisher Aripov,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i