665 04.09.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga rasmiy tashrifi va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi ishtiroki xalqaro maydonda O‘zbekistonning tobora mustahkamlanib borayotgan mavqeini yaqqol namoyon etdi. Ushbu tashrif mamlakatimizning global ishonch qozonayotganidan, tashqi siyosatda do‘stona aloqalar va manfaatli sheriklik aloqalari tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Sammitda ilgari surilgan tashabbuslar mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyot uchun dolzarbdir. Yadroviy barqarorlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish, energetika kabi masalalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun ham muhim strategik yo‘nalish hisoblanadi. Ushbu tashabbuslarning amalda ro‘yobga chiqishi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Xitoy bilan erishilgan kelishuvlar esa o‘z navbatida iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytiradi. Yirik investitsion loyihalar, qo‘shma korxonalar, yangi sanoat quvvatlari – bularning barchasi O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Bu jarayonlarda parlamentimiz uchun ham muhim vazifa bor, bu – iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan qonunchilik asoslarini yana-da takomillashtirish bilan bog‘liq.
Alohida eʼtiborli jihat shundaki, tashrif davomida taʼlim, ilm-fan va madaniyat sohasida ham qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, “SHHT universiteti”ni tashkil etish tashabbusi, yoshlar almashinuvi dasturlari, madaniy merosni targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar – bularning barchasi kelajak avlodning intellektual va maʼnaviy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida ushbu tashabbuslarning amaliyotga tatbiq etilishi yoshlarimiz hayotida yangi sahifa ochilishida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlamoqchiman.
Albatta, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirishda bunday tashriflar katta ahamiyatga ega. Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslar dunyo miqyosida O‘zbekistonni ishonchli hamkor, barqarorlik va taraqqiyot tarafdori sifatida namoyon qilmoqda. Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Xitoyga rasmiy tashrifi – bu nafaqat xalqaro do‘stlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash, balki milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati