610 05.09.2025
Globallashayotgan dunyoda hech bir davlat yakka holda rivojlana olmasligi ko‘p taʼkidlanayotgani bejiz emas. Bugun taraqqiyotiga eltuvchi yagona yo‘l bu – davlatlarning ishonchli, o‘zaro teng manfaatga asoslangan hamkorligidir.
O‘zbekiston Prezidenti taʼkidlaganlaridek, “Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir”. Shu jihatdan, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan teng huquqli aloqalari muhim ahamiyatga ega.
Taʼkidlash lozim, O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti asoschilaridan biri sifatida uning faoliyatida muhim o‘rin egallab kelmoqda. Mamlakatimiz tomonidan xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, raqamlashtirish, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarida ilgari surilgan tashabbuslar tashkilot doirasidagi aloqalarni yana-da kengaytirishga xizmat qilyapti. Shu maʼnoda, O‘zbekistonning tashkilot faoliyatidagi ishtiroki tasodifiy tanlov emas.
Tashkilot uchun katta istiqbolga ega bu muhim yo‘nalishlar, ayniqsa, O‘zbekistonning SHHTga raisligi davrida, yaʼni 2021-2022-yilarda tayyorlangan o‘ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o‘z aksini topgani ham fikrimiz tasdig‘idir.
Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tgan SHHT sammitida ham Prezidentimiz tomonidan bugun eng ustuvor bo‘lgan masalalarda muhim takliflar ilgari surildiki, ular aʼzo davlatlarining bir-birini tushunishi va birdamligida, bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashda kalit vazifasini o‘taydi.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati