Tashabbusli byudjet: xalq bilan davlat o‘rtasidagi yangi muloqot maydoni


519     05.09.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusli byudjet tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qarori mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqsad: aholining o‘z hududida amalga oshiriladigan loyihalarni belgilashdagi ishtirokini kengaytirish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va jamoatchilik, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining bu boradagi nazoratini kuchaytirishdan iboratdir.

Endilikda fuqarolarning takliflari orqali shakllanadigan tashabbusli byudjet jarayoni yana-da qulay va tezkor bo‘ladi. Yaʼni, onlayn ovoz berish jarayoni soddalashtiriladi, har bir loyiha bo‘yicha moliyalashtirish tartibi ochiq-oydin belgilanadi. Davlat organlari hisobdorligi kuchaytiriladi, aholining talab va ehtiyojlari aniq hisobga olinadi. Shuningdek, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchayadi, ularning salohiyati hududiy rivojlanish jarayonlariga yo‘naltiriladi.

Tashabbusli byudjet — bu faqat moliyaviy mexanizm emas, balki har bir fuqaroning o‘z hududining taqdiriga daxldorlik hissini oshiradigan islohotdir. Aholi o‘z ovozi bilan yo‘llar, bog‘cha va maktablar taʼmirlanishi, jihozlanishi kabi loyihalarni amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi. Bu omillar nafaqat turmush sharoitini yaxshilaydi, balki fuqarolarda masʼuliyat va faollikni ham talab qiladi.

Prezidentimizning tashabbusli byudjetni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori – bu davlat boshqaruvini zamonaviy talablarga mos ravishda isloh qilish yo‘lidagi yana bir katta qadam bo‘ldi. Eng asosiysi, bu jarayon orqali fuqarolarning tashabbuslari haqiqiy qiymatga ega bo‘ladi va har bir ovoz hudud taraqqiyotiga xizmat qiladi.

 

Dilnoza Azizova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati