Bosh maqsad: xavfsizlik orqali umumiy taraqqiyotga erishish


724     05.09.2025

Maʼlumki, har qanday xalqaro tashkilotning nufuzi dunyoda unga berilayotgan eʼtibor va faoliyat samaradorligi bilan o‘lchanadi. 2001-yilning iyunida o‘z faoliyatini boshlagan Shanxay hamkorlik tashkiloti qisqa vaqt ichida eʼtirof etishga loyiq nufuzli xalqaro birlashmaga aylandi.

Xitoyning Tyanszin shahrida tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirokida o‘tgan navbatdagi majlis, shubhasiz, SHHT faoliyatida yangi davrni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir. Bugungi notinch dunyoda tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirokida tez-tez uchrashuvlar o‘tkazib turilsa-da, maslahatlashib, hal qilinadigan masalalar to‘planib qolgan edi.

Sababi esa maʼlum: bugun dunyoda shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish”lar nafaqat iqtisodiy hamkorlikka, xalqaro tinchilikka ham putur yetkazyapti. Shu bois, sammitda tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi. Jumladan, uchrashuvlarda iqlim o‘zgarishi, energetika va oziq-ovqat resurslari taqchilligi, migratsiya inqirozlari, kiberhujum va boshqa yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotgan bir sharoitda jamoaviy saʼy-harakatlarni kuchaytirish muhimligi bot-bot taʼkidlandi.

Ana shulardan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan kelgusi yili Toshkentda mamlakatlarimizning vakolatli organlari rahbarlari, yetakchi ekspert va tadqiqotchilar ishtirokida birinchi “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus muloqoti”ni hamda “SHHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazish taklif qilindi. Yana bir muhim tashabbus Afg‘oniston bilan bog‘liq. Ushbu davlatdagi ayni vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotini yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqaviy barqarorlik haqida gapirish befoyda. Shu bois, Afg‘oniston bilan yaqin hamkorlik qilish va uni SHHT loyihalariga jalb qilish bo‘yicha pragmatik yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.

Shu kunlarda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yangi temir yo‘l qurilishi davom etmoqda. Ushbu loyiha mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobarga oshirib, ulkan tranzit salohiyati paydo qiladi. O‘zbekiston Prezidenti Tyanszin sammitida ushbu tarixiy loyihaning ahamiyatiga to‘xtalib, kelgusida ushbu yo‘nalishning Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lanishi SHHT makonida yagona transport tarmog‘ini shakllantirish imkonini berishini taʼkidladi.

Prezidentimiz tomonidan SHHT mamlakatlari sunʼiy intellekt, robototexnika, biomuhandislik, muqobil energetika kabi ilg‘or yo‘nalishlarda ulkan ilmiy-texnik salohiyatga egaligidan kelib chiqib, tashkilot doirasida innovatsion-texnologik xablar tarmog‘ini yaratish taklif etildi. Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqotini taʼsis etish tashabbusi esa “SHHT oilasi”da madaniy rang-baranglik va boy qadriyatlarni asrash, targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, navbatdagi sammit ham tashkilotning haqiqiy muloqot platformasi ekanini amalda yana bir bor isbotladi. Zero, bugun har qanday notinchlik yuzma-yuz muloqotlar orqali hal qilinsagina samarali bo‘ladi. Xavfsizlik taʼminlanmay turib, taraqqiyot haqida gapirish esa befoyda. SHHTning bosh maqsadi ham shu: xavfsizlik orqali hamkorlikni rivojlantirish, umumiy taraqqiyotga erishishdir.

 

Jamshid KARIMOV,
Xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashi deputati