857 05.09.2025
Shu yilning 29-avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston Prezidentining “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan g‘oya haqiqiy maʼnoda o‘z ifodasini topayotganining yana bir isboti bo‘ldi.
Qaror Davlatimiz rahbarining “Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim”, degan taʼkidining qanchalik hayotiyligini ham ko‘rsatadi. Ushbu hujjat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining siyosiy faolligi va saylovchilar oldidagi masʼuliyati yana-da oshirilmoqda. Saylov okruglaridagi ijtimoiy masalalarni hal etishdagi tashabbuskorligi kuchaytirilyapti.
Maʼlumki, so‘nggi yillarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda byudjet mablag‘larining maʼlum qismini jamoatchilik fikridan kelib chiqib yo‘naltirish maqsadida amaliyotga joriy qilingan “Tashabbusli byudjet” bilan bog‘liq gap-so‘zlar ko‘paydi. Albatta, ularning orasida nohaq ayblovlar bilan birga, haqli eʼtirozlar ham bor.
Endi aholining bu boradagi eʼtirozlari bilan oliy davlat vakillik organi shug‘ullanadi. Ushbu qaror bilan tashabbusli byudjet jarayonlarini muvofiqlashtirish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish uchun 11 nafar deputatdan iborat Parlament komissiyasi tashkil etiladi.
Qarorda Qonunchilik palatasi deputatlarini saylov okruglaridagi ijtimoiy masalalarni hal etishlari uchun zarur resurslar bilan taʼminlash masalasi ham nazarda tutilgan.
Jumladan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, quyi palata deputatlari saylov okruglarida tashabbusli byudjet jarayonida g‘olib bo‘lmagan 2 ta loyihani tanlaydi va u davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. Buning uchun har bir deputatga yiliga BHMning 8 ming baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi. Albatta, loyihalar odamlarning kundalik ehtiyojidan kelib chiqib tanlanishi, shuningdek, bevosita hudud rivojiga taʼsir ko‘rsatishi zarur.
Ushbu hujjat bilan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat o‘rtasidagi sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti ham joriy qilinmoqda. Yaʼni, “Tashabbusli byudjet”ga qo‘yilgan loyiha xarajatlarining 50 foizi bevosita ixtiyoriy ravishda aholi tomonidan moliyalashtiriladigan bo‘lsa, loyiha qancha ovoz to‘plashdan qatʼiy nazar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi byudjetdan qoplanadi.
Qarorda “Tashabbusli byudjet” loyihasini yana-da takomillashtirishga qaratilgan yana ko‘plab vazifalar belgilanganki, maqsad odamlarni o‘tayotgan har bir kunidan rozi qilish, Yangi O‘zbekiston islohotlari jarayonidagi ishtirokini yana-da kuchaytirish, kelajakka bo‘lgan ishonchini oshirishdir. Zero, bunday ezgu maqsadlar xalq vakillari – deputatlarga ham katta masʼuliyat yuklaydi.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati