Xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasidagi hamkorlik yanada kuchayadi


527     05.09.2025

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini qaror toptirish yo‘lidagi eng xayrli ishlardan biri shubhasiz "Tashabbusli byudjet"ning yo‘lga qo‘yilgani bo‘ldi. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, byudjet mablag‘larining bir qismini jamoatchilik fikri asosida yo‘naltirish maqsadida 2022-yildan to‘liq amaliyotga joriy qilingan “Tashabbusli byudjet” bugun eng muvaffaqiyati loyihaga aylangandi.

Xalq tili bilan aytganda, “Open byudjet” odamlarga taʼmirlanmagan ko‘cha, maktab va bog‘chalar, shifo maskanlari, elektr taʼminoti, umuman, yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy muammolarni hal qilishda davlatdan pul olish imkoniyatini yaratdi. Aslida maqsad ham shu edi.

To‘g‘ri, loyihaning birdan izga tushib ketishi qiyin kechdi. Dastlab qarshiliklar ham bo‘ldi. Kamchiliklar ham yetarli edi. Shu bois, aholi va mutaxassislarning takliflari va amaliyotdan kelib chiqib, loyiha yildan yilga takomillashtirilib borildi va bu jarayon uzluksiz davom ettirildi.

Maqsad: ovoz berish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni, adolatni taʼminlash, jarayonlarni soddalashtirish orqali odamlarning ishtirokini yana-da kengaytirish, eng asosiysi, ko‘p ovoz olgan loyihalar ijrosini sifatli va belgilangan vaqtda ijrosini taʼminlashdir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 29-avgust kuni qabul qilingan “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu jarayondagi muhim o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.

Qarorda belgilanganidek, biz – qonunchilik palatasi deputatlari endi saylov okruglaridagi ijtimoiy masalalarni hal etishlari uchun zarur resurslar bilan taʼminlanadi. Oliy davlat vakillik organi tomonidan bu boradagi ishlar nazorati yana-da kuchaytiriladi. Aholi bilan davlat o‘rtasidagi sheriklik asosidagi moliyalashtirish tartibi joriy etiladi. 

Darhaqiqat, yaqinda “Tashabbusli byudjet”ning 2025-yilgi ikkinchi mavsumi yakunlandi. Maʼlumotlarga ko‘ra, ichki yo‘llarni taʼmirlash va yoritgichlar o‘rnatish bilan bog‘liq ovozlar jami ovozlarning 51 foizini tashkil qilibdi va bu bejizga emas. Hududlardagi o‘rganishlarimiz chog‘ida aholidan tushgan murojaatlarning aksariyati aynan ichki yo‘llar taʼmiri bilan bog‘liq masalada bo‘lar edi. Albatta, yo‘llarimizning ravon bo‘lishi partiyamiz uchun ustuvor bo‘lgan masala turizm rivojida ham katta ahamiyatga ega.

Demak, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish maqsadida qabul qilingan ushbu qaror Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining siyosiy faolligi va saylovchilari oldidagi masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

 

Go‘zal SAMIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati