961 10.09.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida taʼlim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohani isloh qilish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Bugungi global raqobat sharoitida bilimli, malakali va yuksak mafkuraviy immunitetga ega avlodni tarbiyalash har qachongidan ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari taʼlim tizimining har bir bo‘g‘ini – maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha yaxlit, uyg‘un va uzviy tarzda rivojlanishi zarurligini taʼkidladi. Bu jarayonda o‘qituvchilarning malakasi va nufuzini oshirish, ular uchun munosib shart-sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini aytib o‘tdilar.
Shuningdek, yig‘ilishda taʼlim sifatini oshirishda zamonaviy o‘quv dasturlari va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, taʼlim muassasalarini zarur jihozlar bilan taʼminlash, yoshlarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun teng imkoniyatlar yaratish, ota-onalar va jamoatchilikning taʼlim jarayonidagi ishtiroki va masʼuliyatini yana-da oshirish kabi muhim va asosiy masalalar atroflicha muhokama etildi.
Prezident mamlakatimizda taʼlim tizimini isloh qilishda yangi bosqich boshlanayotganini taʼkidlab, sohadagi har bir o‘zgarish inson manfaatlari va kelajak avlodning baxti uchun xizmat qilishi shartligini qayd etdi.
Darhaqiqat, taʼlim — mamlakat taraqqiyotining bosh omillaridan biri. Shu jihatdan, yig‘ilishda belgilangan vazifalarning ijrosi Yangi O‘zbekistonning barqaror va ravnaq topgan kelajagini taʼminlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ladi.
Dilnoza Azizova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati